Ekologik islohotlar o‘z samarasini bermoqda
Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Amalga oshirilayotgan mazkur islohotlarda siyosiy partiyalar, jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham faol ishtirok etib, davlat va jamiyat o‘rtasida samarali muloqotni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati partiya tashkilotida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Kengash yig‘ilishida ham ekologik siyosatni hayotga tatbiq etish, deputatlik faoliyatini takomillashtirish, aholining ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, mahalliy Kengashlarda viloyat va to‘qqizta tuman-shahar deputatlik guruhi faoliyat yuritib, sessiyalar va doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida ekologik hamda ijtimoiy ahamiyatga ega dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ayniqsa, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va ularga tezkor yechim topish imkonini bermoqda. Natijada deputatlar tomonidan yuborilgan 42 ta deputatlik so‘rovining 31 tasi ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
– Bu kabi natijalar joylarda ochiqlik, mas’uliyat va jamoatchilik bilan muloqotning yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi, – deydi partiyaning viloyat Kengashi raisi Alijon Jalilov. – O‘tgan davr mobaynida ekologik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham partiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Yilning dastlabki olti oyida viloyat bo‘ylab 309 ta targ‘ibot tadbiri tashkil qilinib, ularda 10 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Davra suhbatlari, seminarlar, hasharlar va aholi bilan uchrashuvlar orqali tabiatga ehtiyotkor munosabat, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, suv va yer resurslarini asrash hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan g‘oyalar keng targ‘ib qilindi.
Yoshlar va xotin-qizlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. “Ko‘ngil ekologiyasi” rasmlar tanlovi, “Toza muhit – sog‘lom kelajak” plogging aksiyasi, “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi, “Ayollar – ekologik madaniyat targ‘ibotchisi” mavzusidagi seminarlar, “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi hamda “Yosh ekologlar” qanoti tomonidan tashkil etilgan tadbirlar minglab ishtirokchilarni qamrab oldi.

Jamoatchilik nazorati ham izchil davom ettirildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt ko‘chatlarining parvarishi, sug‘orilishi va saqlanishi bo‘yicha 35 dan ortiq monitoring o‘tkazildi. Shuningdek, avtomobil yuvish shoxobchalari, oqova suvlarni tozalash inshootlari, sanoat korxonalari hamda ekologik xavfi yuqori hududlarda nazorat tadbirlari tashkil etildi. Hisobot davrida viloyat bo‘yicha jami 211 ta ekologik reyd o‘tkazilgani atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan tizimli yondashuvning amaliy samarasidir.
Kengash yig‘ilishida erishilgan natijalar bilan bir qatorda kelgusidagi ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Xususan, aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, deputatlik nazoratini kuchaytirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarning ekologik tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlash hamda jamoatchilik nazorati qamrovini kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bu sa’y-harakatlar inson va tabiat manfaatlari uyg‘unligini ta’minlash, kelajak avlod uchun sog‘lom va musaffo atrof-muhitni saqlab qolish yo‘lidagi ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri