Jajji iste’dodlar – kelajak yulduzlari
Navoiy viloyatida maktabgacha yoshdagi bolalarning ijodiy qobiliyatini aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Jajji nurli yulduzlar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha yoshdagi iste’dodli bolalarni aniqlash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xalq og‘zaki ijodi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan tanlovda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan 5-7 yoshli bolalar ishtirok etdi.
Bellashuv davomida jajji ishtirokchilar turli yo‘nalishlarda o‘z qobiliyatlarini namoyish qildilar. Ular sahna ko‘rinishlari, milliy raqslar, kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar orqali tomoshabinlar va hakamlar e’tiboriga o‘z ijodiy ishlarini taqdim etdilar.



Bellashuv yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Navoiy shahridagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni Nupota tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin Navbahor tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasiga berildi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar munosib taqdirlandilar.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri