Hududlar salohiyatini birlashtirish yo‘lidagi hamkorlik
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati hokimi Mehdi Zandiye Vakili hamda Eronning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Muhammad Ali Iskandariy boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar jarayonida hududlarning investitsiyaviy salohiyatini to‘liq ishga solish, sanoatni diversifikatsiya qilish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muloqotda ikki hudud o‘rtasida sanoat, investitsiya va logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Navoiy viloyatining boy xomashyo bazasi va qulay transport imkoniyatlarini Eronning Markaziy viloyatida shakllangan sanoat hamda muhandislik salohiyati bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ilgari surishdi.

Uchrashuvda kimyo va neft-kimyo sanoatida hamkorlik qilish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda “Navoiyazot” AJda ishlab chiqarilayotgan PVX, karbamid, metanol va kaustik soda kabi xomashyolar asosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Muhokamalar chog‘ida PVX quvurlari, kabellar, smola, suv tozalash reagentlari, shuningdek, maishiy kimyo va yuvish-tozalash vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish taklif etildi. Eronning Save va Kave sanoat hududlari tajribasidan foydalanish esa ushbu yo‘nalishda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi og‘ir mashinasozlik, kon uskunalari va sanoat servisi klasterini shakllantirish bilan bog‘liq. Navoiy viloyatida NKMK, “Navoiyuran”, “Qizilqumsement” singari yirik korxonalar faoliyat yuritayotgani zamonaviy kon-texnologik uskunalar va ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabni yuzaga keltirmoqda.

Ushbu ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qondirish esa muhim iqtisodiy samara beradi. Eronning sanoat va muhandislik sohasidagi tajribasi bilan Navoiyning yirik ishlab chiqarish korxonalari imkoniyatlarini birlashtirish orqali kon uskunalari va sanoat servisi sohasida yangi klasterni shakllantirish mumkin.
Energetika va elektrotexnika tarmoqlaridagi hamkorlik ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida transformatorlar, taqsimlash qurilmalari hamda qayta tiklanuvchi energetika uskunalarini mahalliy yig‘ish bazasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Navoiy xalqaro aeroporti imkoniyatlari va “porto-franko” erkin bojxona zonasidan foydalangan holda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri