Qozog‘istonning Aktau shahrida dzyudo bo‘yicha Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) taqvimidan o‘rin olgan “Aktau Asian Judo Open” turnirining ikkinchi kunida ham polvonlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, nufuzli turnirda Shinar Ibrayeva (-78 kg), Ernazar Sarsenboyev (-100 kg), Muhammadqodir Mansurov (+100 kg) kabi dzyudochilarimiz barcha raqiblarini taslim etib, oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, Zufarbek Orolov(+100) kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Shirinjon Yo‘ldosheva (-70 kg), Ulug‘bek O‘roqov (-90 kg), Durdona Nizomaddinova (+78 kg) va Abdulla Xudoyorov (+100 kg) o‘z vazn toifalarida bronza medali bilan taqdirlandi.

Shu tariqa, dunyoning o‘nta davlati vakillari ishtirokida o‘tgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 3 ta kumush, 8 ta bronza, jami 16 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston terma jamoasi 4 ta oltin, 5 ta kumush, 15 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 3 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medaliga ega chiqqan ozarbayjonlik dzyudochilar kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA