Dzyudochilarimiz Osiyo kubogida umumjamoa hisobida g‘olib bo‘ldi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida marhum murabbiy Beket Maxmutov xotirasiga bag‘ishlangan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi “Almaty Cadet Asian Cup 2026” musobaqasi o‘z yakuniga yetdi.
12 davlat vakillari ishtirok etgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yuksak natija qayd etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Dzyudochilarimiz 8 ta oltin, 6 ta kumush va 12 ta bronza, jami 26 ta medalni qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi, musobaqa davomida O‘zbekiston Davlat madhiyasi sakkiz bor yangradi. Bu, turnir ishtirokchilari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Umumjamoa hisobida Qozog‘iston terma jamoasi 7 ta oltin, 8 ta kumush va 15 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, bittadan oltin va bronza medaliga sazovor bo‘lgan Xitoy Taypeyi vakillari kuchli uchlikka yakun yasadi.
Ma’lumot o‘rnida, musobaqa davomida Dilafro‘z Boltaboyeva (-44 kg), Ziyoda Javlonova (-57 kg), Parizoda Yuldasheva (-63 kg), Akbar Sharipov (-50 kg), Ozodbek Olimov (-60 kg), Tohir Qosimov (-73 kg), Jasurbek Turkmanov (-81 kg), Bilolbek Abdug‘apparov (-90 kg) kabi polvonlarimiz oltin medalga ega chiqdi.
Shuningdek, Charosoy O‘ktamboyeva (-57 kg), Safoxo‘ja Sayfulloyev (-50 kg), Mirsaid Jo‘rayev (-66 kg), Mirzohid Xudoyqulov (-81 kg), Elnur Xolmurodov (-90 kg), Alibek Durdiyev (+90 kg) kumush, Farangiz Baxtiyorova (-40 kg), Nozima Normurodova (-44 kg), Mohinur Ollaberganova (-48 kg), Kumushbibi Ergasheva (-52 kg), Nilufar Shuhratova (-52 kg), Gulsanam Hazratova (-63 kg), Dinora Samandarova (-63 kg), Ziyoda Shomurodova (-70 kg), Temurmalik Eshpo‘latov (-50 kg), Lutfullo Akbarov (-66 kg), Vohidjon Shermamatov (-73 kg), Shomurod Shomurodov (-81 kg) bronza medal bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA