Dunganlar yangi yilni nishonladi
O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi dungan millati vakillari Xitoy xalqining oy taqvimi bo‘yicha kirib kelgan yangi yil – Chun Sze bayramini nishonladi. U xitoyliklar madaniyatida u yangi oy yoki bahor bayrami deb ham ataladi.
Bayramning tarixi qadimgi sharq afsonalari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun qardosh xalqlar madaniyatida ham bu ayyomga alohida hurmat belgilari saqlanib qolgan. Do‘stlik mahallasida tashkil etilgan bayram tadbirida Millatlararo munosabatlar va do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakillari, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixona mas’ul xodimlari, tuman hokimligi mas’ullari, yoshlar, Dungan madaniyat markazi raisi va faollari ishtirok etdi.



Bugungi kunda O‘zbekistonda uch mingdan ziyod dungan yashaydi. Ular boshqa millat va elat vakillari bilan tinch-totuv, ahil-inoq yashab, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Yangi yil bayramini biz xitoy madaniyati va xitoy tilining tashuvchisi bo‘lgan dunganlar yashaydigan eng g‘arbiy qishloqda nishonlayapmiz, – deydi O‘zbekiston dungan madaniyat markazi raisi Mane Savurov. – O‘rta Chirchiqlik dunganlar hatto Xitoyning o‘zida ham saqlanib qolmagan til, madaniyat, urf-odat va marosimlarni haligacha davom ettiradi. O‘zining bag‘rikengligi bilan ajralib turadigan o‘zbek xalqi orasida yashab, mamlakatimizdagi barcha millat vakillariga teng munosabatda bo‘lgan oqilona milliy siyosat tufayli O‘zbekiston dunganlari to‘laqonli fuqaroga aylandi. Bundan juda xursandmiz.



Tadbirda Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun barchani qizg‘in tabrikladi. Do‘stlik mahallasida joylashgan 42- umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan “Chinme” havaskorlar ansambli ijrosidagi dungan xalq qo‘shiqlari va raqslar barchada katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng xitoy tilida chop etilgan o‘quv darsliklari ta’lim muassasasiga sovg‘a qilindi. Barcha birgalikda maktab bog‘iga mevali ko‘chatlar o‘tqazdi. Mehmonlar dungan oilalarda ham mehmon bo‘lib, suhbat qurdi.






A.Musayev, O‘zA muxbiri