Doshqozonda mehr qaynaydi...
Navro‘z bayrami arafasida qadim Xiva ko‘chalarida sayr qilib yurgan xorijlik sayyohlar yanada ko‘paygan. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Navro‘z bayrami arafasida qadim Xiva ko‘chalarida sayr qilib yurgan xorijlik sayyohlar yanada ko‘paygan. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.Ketrin Damiyer (Daniya):
– Markaziy Osiyoga sayohat qilish niyatida internet nashrlari orqali mintaqa mamlakatlarini o‘rgandim. O‘zbekistonning boy tarixi va bu yerdagi qadimiy shaharlar meni o‘ziga rom etdi. Yurtingizga kelgach, adashmaganimga, aksincha, tanlovim juda to‘g‘ri ekaniga to‘la amin bo‘ldim. Qadim Xiva menda unutilmas taassurot qoldirdi. Zamonaviy binolar, atrofi turfa gulu xushmanzara daraxtlarga burkangan ko‘chalar, musaffo havo kishi ko‘zini quvnatadi, tanani yayratadi. Ayniqsa, tinch-osoyishta hayot, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibatga havasim keldi. Madaniyat, san’at, ilm-ma’rifatning tarixiy ildizlari g‘oyat chuqur va mustahkam ekan. O‘zbekistonda turli millat vakillari o‘zaro totuv, ahil-inoq, bir oila farzandlaridek hamjihat yashayotgani har qancha tahsinga munosib. Navro‘z arafasida hammaning yuzida tabassum, ko‘tarinki kayfiyat, bir-birini bayram bilan qutlamoqda. O‘zbek xalqining milliy bayramida qatnashib, xursandchiligiga sherik bo‘layotganimdan xursandman.
Min Chjou (Xitoy):
– Xiva shahrida o‘tkazilayogan bayramoldi tadbirlarida ishtirok etdim. Bahor faslida tayyorlanadigan milliy taomlarning mazasi og‘zimda qoldi. O‘zbek xalqi yoshi ulug‘ insonlarni juda qadrlar ekan. Qayerga bormang, nuroniylar davraning to‘rida, hurmat-ehtiromda. Xorazmga kelgan har qanday sayyoh bir olam taassurotlar bilan qaytishiga shubha yo‘q. Qadimiy ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarga boy bu vohada dunyoga mashhur allomalar, olimlar, buyuk sarkardalar yashab ijod qilgan. Ichanqal’a majmuasida bo‘lgan kishi o‘zini ertaklar mamlakatiga tushib qolganday his etadi. Yurtimga qaytgach, do‘stlarimga O‘zbekistonga albatta sayohatga borish zarurligini aytaman.
Sumalakning tayyorlanish jarayonini kuzatdim. Doshqozonda sumalak emas, mehr qaynayotgandek tuyuldi menga. Bularni hech qachon unutmayman. Bu yerda hamjihatlik, mehr-oqibat yuksak darajada ekan. Bunday xalqning kelajagi albatta buyuk bo‘ladi.