Dorilarning noqonuniy savdosi jiddiy xavf tug‘diradi
Dori vositasi — oddiy tovar emas. U inson hayoti va salomatligi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois sifati, kelib chiqishi va xavfsizligi kafolatlanmagan dorilarning noqonuniy savdoga chiqarilishi nafaqat iqtisodiy qonunbuzarlik, balki aholi salomatligiga jiddiy tahdid hamdir.
Buxoro viloyatida bojxona organlari tomonidan bunday holatlarning oldini olish, kontrafakt va sifatsiz mahsulotlarning ichki bozorga kirib kelishini cheklash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Navbatdagi tezkor tadbir Buxoro shahrida olingan tezkor ma’lumot asosida viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbir davomida dorixonalardan birida tegishli hujjatlarsiz “Kabiven” nomli dori vositasining bir o‘ramini 1,8 million so‘mga sotayotgan shaxs aniqlanib, to‘xtatildi. Bu esa holatning asl ko‘lamini aniqlash uchun asos bo‘ldi.

Dorixona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u yerda dori vositalarining qonuniy kelib chiqishini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar mavjud emasligi, shuningdek, mahsulotlarning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq o‘zbek tilidagi markerovkaga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Eng hayratlanarlisi, tekshiruv jarayonida 114 turdagi jami 650 quti dori vositasi aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati 390 million so‘mni tashkil etadi. Bir qarashda bu raqam iqtisodiy zararni anglatgandek tuyulishi mumkin. Aslida esa masalaning eng og‘ir jihati boshqa.
Qayerda ishlab chiqarilgani, qanday sharoitda saqlangani, tarkibi va sifati talablarga javob berishi kafolatlanmagan dori vositasining iste’molchi qo‘liga yetib borishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda mazkur tezkor tadbir nafaqat kontrafakt mahsulotlarni aniqlash, balki ehtimoliy xavfning oldini olish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish uchun materiallar mas’ul organlarga yuborildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri