Turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishdagi ayrim cheklovlar bekor qilinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, mazkur sohada mavjud ortiqcha ma’muriy cheklovlarni bartaraf etish hamda aholi uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada yengillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda fuqarolar yashab turgan joyida ro‘yxatdan o‘tishda ortiqcha ma’muriy to‘siqlarga duch kelmoqda. Shundan kelib chiqib, loyihaga ko‘ra, turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinadi.
Talabalar turar joylarida istiqomat qiluvchi talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qulay huquqiy mexanizm yaratiladi. Taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joylarda ro‘yxatdan o‘tkazishning huquqiy asoslari aniq belgilanadi.
Eng muhimi, mazkur qonun bilan aholi uchun qo‘shimcha cheklovlar emas, aksincha, amalda mavjud bo‘lgan ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi. Mazkur o‘zgarishlar ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etib, davlat xizmatlarini aholi uchun yanada sodda, qulay va shaffof qilishga ko‘maklashadi.
Loyihaning qabul qilinishi fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasida davlat xizmatlarini yanada yengillashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish hamda huquqni qo‘llash amaliyotining yagonaligini ta’minlashga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA