Bayramga hozirlik qizg‘in
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanida eng ulug‘, eng aziz bayram — mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tumanning markaziy ko‘chalari bo‘ylab Davlat bayroqlari o‘rnatilib, «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori aks etgan banner va targ‘ibot materiallari joylashtirilmoqda. Tashkilotlar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bayramona bezatilib, turli kompozitsiyalar yaratilmoqda.
[gallery-30813]
Ayni paytda hududda obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ishlari ham jadal davom etmoqda. Dasturga muvofiq, mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, kommunal tizimdagi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, yangi tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Tumandagi «Yoshlik» mahallasida ichki yo‘llarni asfaltlash ishlari olib borilmoqda. Bu borada aholi tashabbuslari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, «Tashabbusli byudjet» dasturining navbatdagi mavsumida mahalla aholisi faol ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldi. Natijada hududni obodonlashtirish uchun 1,18 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Mazkur mablag‘ hisobidan mahallaning Kosonsoy ko‘chasidagi 2 kilometr ichki yo‘lni asfaltlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa aholi uchun yanada qulay va ravon harakatlanish sharoitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA