Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida "Dolzarb 90 kun" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Mirobod tumanidagi 110-maktabda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Mirobod tumanida hozirda 6 ta umumta’lim maktabi qoshida kunduzgi oromgohlar va 12 ta maktabda yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyat yuritmoqda. Oromgohlarda 2 ming 400 nafardan ziyod o‘quvchi qamrab olingan. Ularda yoshlarning yozgi ta’til paytidagi vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, bilim va ko‘nikmalarini boyitish maqsadida Toshkent davlat transport universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan tashkil etilgan xorijiy tillar bo‘yicha to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalari 2025 yil 1 iyundan 31 avgustgacha “Dolzarb 90 kun” loyihasi asosida faoliyat yuritadi. Ularda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlikni rag‘batlantirish hamda o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etishga qaratilgan 5 muhim tashabbus doirasida turli tadbir va musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda.
Yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda 15 nomdagi to‘garak – “Mohir qo‘llar”, “Yosh kitobxon”, “Badiiy gimnastika”, “Shaxmat-shashka”, “Mini-futbol”, “Ingliz tili”, “Robototexnika”, “Kulolchilik” va boshqalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu to‘garaklar orqali o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlari mazmunli va foydali o‘tkazilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA