“Dam olish dunyosi”ga marhamat
Poytaxtimizda “Dam olish dunyosi” xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi boshlandi
Poytaxtimizda “Dam olish dunyosi” xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi boshlandi
Ko‘rgazma “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirning ochilishida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi raisi F.Rizayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mamlakatimizda ichki va xalqaro turizm tobora kengayib, sayyohlik olamining yangi-yangi yo‘nalishlari kashf etilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, zamonaviy infratuzilmaning yaratilgani, mehmonxona va dam olish maskanlarida yo‘lga qo‘yilgan yuksak sifatli xizmatlar sayyohlarni keng jalb qilishda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakatdan biridir. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimiz butun dunyoda qadrlanadi. Yurtimizning boy madaniy-ma’naviy merosi va rang-barang tabiati sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, tibbiy, etnik, sport, tarixiy va madaniy yo‘nalishlari, alpinizm, baliq ovi, rafting kabi ko‘plab turlarini rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Qadimiy obidalar, xushmanzara go‘shalar bo‘ylab yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda, transport kommunikatsiyalari izchil yaxshilanmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 530 dan ortiq turoperator va agentlik, 430 mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Poytaxtimiz va viloyatlarda “Radisson”, “Lotte”, “Wyndham”, “Ramada” kabi dunyoga mashhur otellar bilan birga kichik guruhlarda va oilaviy sayohat qiluvchilar uchun xususiy mehmonxonalar xizmat ko‘rsatmoqda.
Dam olish turizmi butun dunyoda talab yuqori bo‘lgan sohalardan biridir. Ushbu xalqaro ko‘rgazma O‘zbekistonda bahor-yoz sayyohlik mavsumini ochib beradigan o‘ziga xos loyiha bo‘lib, xorijliklarni mamlakatimizdagi dam olish maskanlariga jalb qilish, yurtdoshlarimizning chet elga sayohatini uyushtirish, ichki turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ko‘rgazma mahalliy va xorijiy turoperatorlarga yangi mavsum oldidan o‘z xizmatlarini namoyish etishi, korporativ mijozlar bilan shartnomalar tuzish, ta’til mavsumiga oid rejalar ishlab chiqish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
To‘rtinchi marotaba o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada O‘zbekiston, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Malayziya, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand, Turkiya, Vetnam, Chexiya va Maldiv kabi mamlakatlardan 200 firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
– O‘zbekistonda o‘tkaziladigan turizm yarmarkalarida bir necha yildan beri faol qatnashib kelmoqdamiz, – dedi “Bohemia Lazne” kompaniyasi direktori Yiji Shluka (Chexiya). – Kompaniyamiz davolash muolajalari, ekskursiya va mehmonxona xizmatlarini taklif etish bilan shug‘ullanadi. Ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning qator sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirokida ushbu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash yuzasidan muzokara o‘tkazmoqdamiz.
Ko‘rgazmaga kelgan yurtdoshlarimiz va nufuzli xorijiy sayyohlik firmalari vakillari mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, maftunkor tabiat va tarixiy obidalar aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari, aviatransport, mehmonxona, sug‘urta va bank xizmatlari, milliy va hududiy sayyohlik tashkilotlari, sayyohlik marshrutlari, turizmning turli yo‘nalishlari, xususan, tibbiy turizmga oid ma’lumotlar bilan tanishmoqda.
“Dam olish dunyosi” barcha zamonaviy yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan. Jumladan, unda ichki va xalqaro turizm, ilmiy va sog‘lomlashtirish turizmi, sayyohlik ma’muriyatlari va milliy ofislar, turizm agentliklari va turoperatorlar, mehmonxonalar, sanatoriy-kurort majmualari, dam olish maskanlari, aviatashuv, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn bronlashtirish tizimlari kabi bo‘limlar ishlab turibdi.
Mamlakatimizda ichki turizm ham tobora rivojlanmoqda. Har yili ko‘plab vatandoshlarimiz yurtimiz bo‘ylab sayohat qilmoqda. Viloyatlarning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan hududiy dasturlarga muvofiq madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, turizm obyektlarini qurish va ta’mirlash, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, sayyohlik tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston milliy pavilyonida mamlakatimizning barcha hududidan sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Unda o‘quv va sog‘lomlashtirish markazlari, teatrlar, muzeylar, sayyohlik agentliklari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining hududiy bo‘limlari xizmatlari taklif etilayotir.
“Dam olish dunyosi”da ilk marta ishtirok etayotgan Sirdaryo viloyatining ekspozitsiyasi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.
– Viloyatimizda ekoturizm, tibbiy, madaniy va sport turizmi kabi sayyohlikning zamonaviy turlarini rivojlantirish bo‘yicha qulay imkoniyatlar mavjud, – deydi “Sirdaryoturizm” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Xayrulla Jo‘rayev. – Xalqaro va ichki turizmni taraqqiy ettirish maqsadida daryo bo‘ylarida dam olish maskanlari tashkil etilgan. Yarmarkada mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish, mavjud aloqalarni mustahkamlash va shartnomalar imzolashni rejalashtirganmiz.
Ko‘rgazma doirasida mamlakatimizga sayyohlarni yanada keng jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashiladi, hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xorijiy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikka oid qator bitimlar imzolanadi.
Ko‘rgazmaning dastlabki kunida “O‘zbekistonda tibbiy turizmni rivojlantirish holati va istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda tibbiy turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Yurtimizning tog‘ va tog‘oldi hududlarida sanatoriy-kurortlar tizimi kengaytirilmoqda, natijada xushmanzara go‘shalarning turizm salohiyati oshib borayotir.
Tibbiy turizm sayyohlarga sanatoriy-kurort maskanlarida dam olish bilan birga davolanish imkonini ham beradi. Mahalliy va xorijiy ekspertlar, tibbiyot muassasalari, sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan mazkur anjumanda O‘zbekistonda tibbiy turizm imkoniyatlari, bu borada sayyohlarga taklif etilayotgan xizmatlar, tarmoqda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollariga doir masalalar muhokama qilindi.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan “Hosted Buyers” (“Professional xaridorlar”) dasturi uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari mamlakatimizdagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqda. Ushbu dastur istiqbolli sheriklar va xaridorlar o‘rtasidagi uchrashuvlarni oldindan belgilash, ularga muayyan imtiyozlar berish orqali sohada ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma doirasida “Ipak yo‘li lazzati” milliy taomlar festivali o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar milliy taomlarimiz, saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlardan bahramand bo‘ladi. Baliqchilik xo‘jaligiga bag‘ishlangan stendlarda O‘zbekiston baliqchilik tarmog‘i bilan yaqindan tanishish, turli baliq mahsulotlarini tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. Festivalda sohaga oid sayyohlik firma va kompaniyalarining taqdimotlari ham o‘tkaziladi.
“Dam olish dunyosi” xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi jahon jamoatchiligini mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati bilan kengroq tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, ularning O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga ko‘maklashish, sohadagi yangiliklardan xabardor bo‘lish, ichki turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.