Janubiy Karolina universiteti olimlari tomonidan stress immun tizimi qarishini tezlashtirgan holda saraton, yurak qon-tomir kasalliklari rivojlanishi hamda virusli infeksiyaning og‘ir o‘tishi xavfini potensial ravishda oshirishi aniqlandi.
Tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi.
Yosh o‘tgan sari immun tizimi tabiiy ravishda o‘z faolligini keskin kamaytirishni boshlaydi. Mazkur jarayonga immunosenessensiya nomi berildi. Bu holat insonning immun sohasi kuchsizlanishi hamda ortiqcha miqdordagi qari leykotsitlar, infeksiyalar, xususan, nuqsonli hujayralarga qarshilik ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan yangi “sodda” leykotsitlarning yetishmasligi bilan ifodalanadi. Immun qarish nafaqat saraton, balki yurak qon-tomir kasalliklari, vaksinalar samaradorligining pasayishi hamda organlarning noto‘g‘ri ishlashiga ham bog‘liq.
Tadqiqotchilar tomonidan turli hayotiy vaziyatlardagi stress darajasini baholash uchun so‘rovnoma to‘ldirgan 50 yoshdan yuqori bo‘lgan 5744 nafar kishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlil qilindi. Ko‘ngillilarning qon namunalari oqim sitometriyasi - lazer vositasida qon hujayralarini sanash va tasniflash metodi yordamida o‘rganildi.
Xulosalar eski leykotsitlari yuqori foizda bo‘lgan stress ko‘rsatkichi yuqori kishilar yuqori foizda qari immun sohasiga ega ekanligini ko‘rsatdi. Stressli hayotiy vaziyatlar va faol T-hujayralarning kam miqdori orasidagi bog‘liqlik ma’lumot darajasi, chekish, spirtli ichimlik is’temol qilish, tana og‘irligi, irqi hamda etnik mansublik indeksi darajasini hisoblab chiqqandan so‘ng ham salmoqli darajada saqlanib qoldi.
Olimlar ovqatlanish tartibini yaxshilash va jismoniy mashqlarni bajarish stress bilan bog‘liq immun tizimi qarishini sekinlashtirishga yordam berishi mumkinligini qayd etdi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA