COP31: Özbekistonning toğ-kon sohasidagi salohiyati namoyiş etilmoqda
Tabiiy resurslardan oqilona foydalaniş, ekologik muvozanatni saqlaş va sanoat tarmoqlarini iqlim özgarişiga moslaştiriş bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, toğ-kon sanoatida ekologik barqarorlikni taʼminlaş, işlab çiqariş jarayonlariga zamonaviy, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etiş hamda kritik minerallar salohiyatidan samarali foydalaniş muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Global iqlim özgarişi şaroitida uşbu yönalişda xalqaro hamkorlikni kengaytiriş, ilğor tajribalarni örganiş va investitsiyalarni jalb qiliş sohaning barqaror rivojlanişi uçun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu borada Turkiyaning Antaliya şahrida 9-20-noyabr kunlari taşkil etilgan BMTning Iqlim özgarişi böyiça Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) xalqaro sammiti muhim muloqot va hamkorlik maydoni bölib xizmat qilmoqda.
Toğ-kon sanoati va geologiya vazirligi masʼuli Abbos Anvarov ÖzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Bugungi kunda iqlim özgarişi, ekologik muammolar va tabiiy boyliklarga bölgan talabning ortib borişi toğ-kon sanoati oldiga yangi vazifalarni qöymoqda. Ayniqsa, sanoatni barqaror rivojlantiriş, atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytiriş, işlab çiqarişda elektr energiyasi va suvdan tejamkor foydalaniş dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Şu nuqtai nazardan, mis, litiy, volfram, molibden kabi muhim minerallar bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va muqobil energiya manbalarini rivojlantirişda katta ahamiyatga ega. Çunki quyoş va şamol elektr stansiyalari, elektrda harakatlanuvçi transport vositalari, energiyani saqlaş qurilmalari hamda zamonaviy texnika işlab çiqarişda uşbu minerallar zarur hisoblanadi. Şu bois ularni qazib oliş va qayta işlaş bilan bir qatorda, tabiatni muhofaza qiliş talablariga qatʼiy rioya etiş ham muhimdir.
Özbekiston ham muhim mineral boyliklar sohasida katta imkoniyatlarga ega. Mamlakatimizda uşbu yönalişni rivojlantiriş, mavjud yer osti boyliklaridan samarali foydalaniş, tayyor mahsulot işlab çiqariş va zamonaviy texnologiyalarni joriy etiş böyiça izçil işlar amalga oşirilmoqda. Bunda “Navoiy KMK”, “Olmaliq KMK” va “ÖzTMK” kabi yirik korxonalarning örni alohida.
COP31 xalqaro tadbirida iştirok etişimizning asosiy maqsadlaridan biri ham mamlakatimizning toğ-kon sanoatidagi salohiyatini xalqaro hamjamiyatga keng namoyiş etiş, tabiatni muhofaza qiliş yönalişida erişilgan natijalar bilan taniştiriş va yangi hamkorlik aloqalarini yölga qöyişdan iborat. Anjumanda vazirlik va tarmoq korxonalari vakillari öz mahsulotlari, tabiatni muhofaza qiliş borasidagi işlari hamda iqlim özgarişiga moslaşiş rejalari bilan iştirok etmoqda.
Bundan taşqari, xalqaro moliya taşkilotlari va homiy taşkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirişga ham alohida eʼtibor qaratyapmiz. Xususan, atrof-muhitni muhofaza qiliş, tabiiy boyliklardan oqilona foydalaniş va işlab çiqariş jarayonlarining tabiatga taʼsirini kamaytirişga qaratilgan 20 ga yaqin loyiha takliflari tayyorlandi. Hozirda ularni amalga oşiriş uçun xalqaro moliya taşkilotlari va homiy taşkilotlarning beğaraz mablağlarini jalb etiş böyiça muzokaralar olib borilmoqda.
Anjuman doirasida Özbekiston milliy pavilonida vazirligimiz taşabbusi bilan “Iqlim özgarişiga çidamli kelajak uçun barqaror konçilik va muhim minerallar” mavzusida xalqaro tadbir taşkil etilgani ham muhim ahamiyatga ega. Unda Özbekistonning muhim minerallar sohasidagi imkoniyatlari, toğ-kon sanoatini tabiatga zarar yetkazmagan holda rivojlantiriş, iqlim özgarişiga qarşi kuraşda uşbu minerallarning örni va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda “ÖzTMK” AJ, Osiyo taraqqiyot banki hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot taşkiloti vakillari iştirok etib, sohadagi dolzarb masalalar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi hamkorlik yönalişlari böyiça öz fikrlarini bildirdi. Bunday muloqotlar orqali xalqaro tajribani örganiş, xorijiy sarmoyalarni jalb etiş va qöşma loyihalarni amalga oşiriş uçun yangi imkoniyatlar paydo böladi.
Anjuman doirasida erişilgan yana bir muhim kelişuvni alohida taʼkidlaşni istardim. “ÖzTMK” AJ va “Navoiy KMK” AJ Buyuk Britaniyaning “Valor Carbon” kompaniyasi bilan uglerod çiqindilarini kamaytirişga qaratilgan hamkorlik kelişuvlarini imzoladi. Uşbu hujjatlar orqali uglerod kreditlari bozoridagi imkoniyatlarni birgalikda örganiş, istiqbolli loyihalarni işlab çiqiş va bu borada özaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiriş közda tutilgan.
Taʼkidlaş kerakki, COP31 doirasidagi bunday uçraşuv va kelişuvlar mamlakatimiz toğ-kon sanoatining xalqaro maydondagi örnini mustahkamlaş bilan birga, sohada tabiatni muhofaza qiliş, yangi sarmoyalarni jalb etiş va zamonaviy işlab çiqariş usullarini joriy etişga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda, tabiat oldidagi masʼuliyatni ham taʼminlaş ustuvor vazifamiz.
ÖzA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.