Chet tillarni o‘qitish takomillashmoqda
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yosh avlodga xorijiy tillarni o‘rgatish tizimini sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yosh avlodga xorijiy tillarni o‘rgatish tizimini sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.Xorijiy tillarni bilish jahon madaniyati yutuqlari va axborot resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi, xalqaro muloqotga keng yo‘l ochadi. Jizzax viloyatidagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida chet tillarni o‘rganish tizimini takomillashtirish, o‘qitishning zamonaviy interfaol usullaridan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatda 32 maktabda xorijiy tillar chuqur o‘qitilayotir. 2015-yilning sentabr oyidan boshlab tayanch maktablarda umumta’lim muassasalarining chet tillari o‘qituvchilari kasb mahoratini oshirish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilgan. Mazkur kurslarda 752 ingliz tili fani o‘qituvchilarining malakasi oshirildi.
– 2015-yilda viloyatdagi 1-4 sinf chet tillari kabinetlari 1,8 milliard so‘mlik noutbuk, proyektor, ovoz kuchaytirgich, TV-tyuner, markerli doska va texnik vositalar bilan ta’minlandi, – deydi Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ergash Jabborov. – Barcha maktablarga yangi o‘quv dasturlari hamda ingliz tilidan “Kids’ English”, nemis tilidan “Deutsch macht spab” va fransuz tilidan “Hirondelle” darslik majmualari hamda 1-2-sinflar uchun darslik, o‘quv kitobi, mashq daftari, multimedia ilovalari yetkazib berildi. 2014-2015 o‘quv yilida maktablarning 1-9 sinf o‘quvchilari ingliz, nemis, fransuz tili darsliklari, chet tili o‘qituvchilari metodik qo‘llanmalar, mashq daftarlari bilan to‘liq ta’minlandi.
Tajribali o‘qituvchilarning ish usuli ommalashtirilayotgani, yangi pedagogik texnologiyalar keng qo‘llanilayotgani o‘quvchilarning chet tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 2014-2015 o‘quv yilida 1-sinf o‘quvchilari 150 so‘zni o‘rgangan bo‘lsa, 2-sinflardagi o‘quvchilar o‘qish, yozish va o‘qigan matnlar bo‘yicha chet tilida muloqotda bo‘lishning dastlabki darajasini o‘zlashtirgan.
Jizzax shahridagi 22-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi ingliz tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan ta’lim maskanlaridan biri. Bu yerda o‘quvchilarga ingliz tilini puxta o‘rgatish, muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish uchun darsdan tashqari mashg‘ulotlar, tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ingliz tili to‘garaklari muntazam faoliyat yuritayotir. Maktabning chet tili o‘qitish tajribasi viloyatning boshqa ta’lim muassasalarida ommalashtirilmoqda.
– Xorijiy tillarni o‘rganishga ehtiyoj ortishi maktablar faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda, – deydi maktabning ingliz tili o‘qituvchisi S.Mirzaliyeva. – Maktabimizda chet tili o‘qitish xonalari zamonaviy komputer texnologiyalari, multimedia jihozlari, ko‘rgazmali qurollar bilan ta’minlangan maxsus sinfxonalarda o‘qitiladi. Chet tili o‘qituvchilarining uslubiyat kengashida yosh pedagoglarning malakasini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
2013-2014 o‘quv yilidan e’tiboran barcha umumta’lim maktablarining 1-sinflaridan boshlab yangi model asosida chet tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Chet tillarini o‘qitish maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va maktabdan tashqari to‘garaklarda ham o‘tilayotgani yaxshi samara bermoqda. Viloyatdagi 171 maktabgacha ta’lim muassasasidan 114 tasida ingliz tili to‘garagi tashkil etilib, ularga 3 ming 944 nafar tarbiyalanuvchi jalb etilgan.
Viloyatdagi 14 “Barkamol avlod” bolalar markazida 29 chet tili to‘garaklari tashkil etilgan. Bu yerdagi 74 guruhda 800 ga yaqin o‘quvchi maktabda xorijiy tillardan olgan bilimini yanada mustahkamlayotir.