O‘zbekistonlik ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni xorijiy mamlakatlarda faol ishtirok etishlari uchun ko‘maklashish maqsadida “Yozuvchi va madaniyat xodimi rezidensiyada” dasturi amalga oshirilmoqda. Maqsad chet eldagi ijodkorlar bilan jonli muloqotlar tashkil etish, tajriba almashish va osori-atiqalarimizni dunyoga namoyish etishdan iborat. Loyiha mustaqil bo‘lib, uning tashabbuskorlari davlatdan pul olmasdan ishlaydi.
Kuni kecha Abdulla Qodiriy uy muzeyida o‘tgan ijodkorlar uchrashuvida ham dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatidan taniqli yozuvchi, shoirlar, rassomlar taklif etildi.

– Bosh maqsad ijodkorlar o‘rtasida do‘stona muloqotni yaratish, – deydi dastur tashabbuskori yozuvchi A’zam Obidov. – Masalan, Xalqaro anjumanlar, adabiyot va she’riyat festivallarining tili dunyoda ingliz tili. Lekin O‘zbekistonda bu tilni yaxshi biladigan ijodkorlarni topish juda mushkul. Shu ma’noda o‘zbek ijodkorlari chet elga chiqishi va o‘zini ko‘rsatishi, adabiyotimiz haqida gapirib berishi, loyihalarda ishtirok etishi uchun dunyo ijodkorlarini O‘zbekistonga olib kelib, ularga shu yerda tajriba almashishlariga sharoit yaratdik.
2018-2019 yillar davomida butun dunyodan 50 dan ortiq ijodkorni olib keldik. Bu loyiha mustaqil bo‘lib, biror bir tashkilot, davlat byudjetidan yoki korxonalardan pul jalb qilmaganmiz. O‘zimiz volontyor bo‘lib, kuchimiz yetganicha harakat qilyapmiz.

Buning ortidan nafaqat o‘zbek ijodkorlarini chet ellarga olib chiqish, balki xorijliklarni O‘zbekistonining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirish, sayohatlarga olib borish, madaniyatimiz, san’atimiz, tariximiz va urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish ham maqsad qilingan.
Loyihaning yana bir e’tiborli tomoni chet ellik ijodkorlar mehmonxonada emas, balki o‘zbekistonlik yozuvchi va madaniyat xodimlarining uylarida yashaydi. Shu tariqa ularga o‘zbek ijodkorlarining turmush tarzi bilan yaqindan tanishish, ular bilan samimiy, do‘stona muloqotga kirishish imkoni beriladi. Dastur mushoira va badiiy kechalar, yozuvchi, shoir, rassom va talabalar bilan uchrashuvlar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylari, diqqatga sazovor, tarixiy joylarga sayohatni o‘z ichiga oladi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA