Poytaxtimizda ZoodMall savdo platformasi imkoniyatlaridan foydalangan holda kichik va o‘rta biznesni raqamlashtirish loyihasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Chegaralararo onlayn savdo har yili dunyo bo‘ylab 20 foizdan oshib bormoqda, 2020 yilda 1,6 trillion dollardan oshdi. Ushbu loyiha mahalliy kichik va o‘rta korxonalarning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, ularga transchegaraviy mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish va rivojlantirish imkoniyatini beradi.
Matbuot anjumanida O‘zbekistonda eksportni rivojlantirish, kichik va o‘rta korxonalarni raqamlashtirish loyihasi ZoodMall onlayn savdo maydonchasida ishlab chiqilishi qayd etildi. Loyiha 2021 yil noyabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushgach kichik va o‘rta biznes vakillari o‘z mahsulotlarini kompaniya faoliyat ko‘rsatayotgan Yaqin Sharq va MDHning 8 ta mamlakatida sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Raqamlashtirish va xalqaro bozorlarga chiqish hamda o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlariga xaridorlarning kirishini kengaytirish hisobiga yaqin 3 yil mobaynida faqat ZoodMall saytida o‘zbek tovarlarining chet elga buyurtmalari soni 5,3 millionga yetishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri