Elektron tijorat sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi
Yangi qaror
Yurtimizda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy logistika infratuzilmasiga ega milliy elektron tijorat makonini shakllantirishning ahamiyati ortmoqda. Bu iqtisodiyotda xufiyona aylanma ulushini kamaytirish hamda bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoyalashning asosi sanaladi.
Ayni maqsadlarda davlatimiz rahbari tomonidan 13-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor – bond ombori tashkil etiladi.
Eksperiment doirasida bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi.
Bond omboridan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi.
Bunda bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanmaydi.
Qarordan ko‘zlangan maqsad esa 2026-2030-yillarda elektron tijorat aylanmasini 30 trillionga yetkazish, 7 yarim mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish hamda umumiy qiymati 300 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishdir.
Bunda shuningdek, ayrim turdagi tovarlarni import qilishda yagona boj to‘lovini joriy etish orqali tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solish ham ko‘zlangan.
O‘zA