O‘zbekistonda raqamli savdo kengaymoqda
O‘zbekistonda mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari (MXIK) tizimi iqtisodiyotni raqamlashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish hamda bozorda shaffoflikni ta’minlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda.
Bugungi kunda Mahsulot (tovar va xizmatlar) yagona elektron katalogida jami 433,1 mingdan ortiq identifikatsiya kodi mavjud. Shundan 432 ming 221 tasi mahsulotlar, 918 tasi esa xizmatlar uchun ajratilgan. Bu esa mamlakatdagi tovar va xizmatlarni yagona tasnif asosida hisobga olish imkoniyatini yaratadi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar–iyun oylari yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 244,7 mingta korxona tomonidan 28,4 milliondan ortiq elektron hisobvaraq-faktura (EHF) rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularda 88 ming 799 ta MXIKдан foydalanilgan.
Shuningdek, 182,4 mingta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan xaridorlarga taqdim etilgan 774,9 milliondan ziyod xarid chekида 140,1 mingta MXIK qo‘llanilgani raqamli hisob-kitob tizimlari tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Keltirilgan raqamlar mamlakat iqtisodiyotida raqamli savdo infratuzilmasi jadal rivojlanayotganini namoyon etadi. Ayniqsa, yarim yil davomida qariyb 775 millionta xarid chekиning elektron tarzda rasmiylashtirilgani iste’mol bozorida naqd va naqdsiz hisob-kitoblarning raqamli nazorati kuchayganini anglatadi.
Mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlari tizimi har bir tovar yoki xizmatning aniq identifikatsiya qilinishini ta’minlab, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq hisobotlarining ishonchliligini oshirish va tovar harakatini to‘liq kuzatish imkonini beradi. Bu esa insoniy omilni kamaytirish, tadbirkorlar uchun hisob-kitob jarayonlarini soddalashtirish hamda davlat organlari tomonidan tahlil va monitoring ishlarini tezkor amalga oshirishga xizmat qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, elektron hisobvaraq-fakturalarda qo‘llanilgan kodlar soniga nisbatan xarid cheklarida ishlatilgan MXIKlar soni ancha yuqori. Bu esa chakana savdo sohasida mahsulot turlarining xilma-xilligi kengayib, elektron chek tizimi amaliyotda tobora faol qo‘llanilayotganini anglatadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA