Buyuklikda eng baland tog‘san!..
O‘zbekistonimizning, millatimizning faxri bo‘lgan ona tilimiz – o‘zbek tiliga dalat tili maqomi berilgan kun bugun. Bu ayyom nafaqat o‘zbek xalqining, balki shu zaminda yashayotgan qardosh xalqlarning ham bayramidir. Zero, o‘z ona tilini cheksiz hurmat qilgan millatgina, o‘zgalarning ham ona tiliga ehtirom bilan qaraydi.
Ulug‘ shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov bejizga:
Mayli, kim qay tildan zavqu-shavq olsa.
Mening o‘z tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim agar yo‘qolsa,
Men bugun o‘lishga bo‘lurman rizo, – deya yozmaganlar...
Milliyligimiz asosi bo‘lgan tilimiz o‘zligini yo‘qotmagan holda o‘zining qadim tarixiga, boy ifoda vositalariga va betakror yozma an’analariga ega bo‘lgan zahirasi bir necha yuz ming yilliklar bilan o‘lchanadi.
Aynan bugun biz barpo etishga bel bog‘layotganimiz – Uchinchi Renessans poydevori mustahkam bo‘lmog‘i uchun, eng avvalo, “guhari sharif”imizni yuksaklarga ko‘tarishimiz, til – nutqimiz ko‘rki bo‘lsa, so‘z – fikrlarimiz libosidek qarashimiz hayotiy zaruratga aylanmog‘i lozim.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarida “Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”– deb, o‘zbek tilining nufuzi va ahamiyatini yanada ulug‘laydilar.
Darhaqiqat, har bir xalqning madaniyati, ma’naviyati, ruhiy parvozlarini ko‘z-ko‘z qiluvchi yagona omil bu uning tilidir. Uning borligi, qaddini tiklayotgani ila biz qudratlimiz.
Tilimizga nisbatan “ONA” so‘zining qo‘shib ishlatilishi yuragimizga yaqin va aziz, ko‘nglimizga cheksiz surur bag‘ishlaydi. Uni buyuklikda eng mo‘’tabar zot onaga qiyoslanib, e’zozlanishi ehtimol shundan. Onalarning har bir so‘zi biz uchun muqaddas. Chunki ular bu tuyg‘uni mehrli allari ila qalbimizga jo aylaydi.
Rivojlanishdan, taraqqiyotdan ortda qolmaslik yaxshi, ammo tili, unga e’tibor, hurmat har doim birinchi o‘rinda bo‘lmog‘i lozim.
O‘z ona tili sarzaminidan ajralib, o‘zga til domiga tushish bamisoli tomiri qurib borayotgan daraxtga o‘xshaydi. Tilda muqobili bo‘la turib, uni o‘rniga bilib-bilmay chet atamalarni qo‘llash yoki shunga moyillikning borligi jamiyat uchun xatarli “signal” bo‘lmog‘i lozim.
Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bugun daladagi dehqon-u, dashtdagi cho‘ponning tili, olis-olis qishloqlardagi oddiy odamlarning tili nisbatan “o‘zbekcharoq”, o‘z shirasini, nafosati-yu latofatini saqlab qolgandek, ta’bir joiz bo‘lsa, “madaniy”lashib ulgurmagan.
Egri daraxtning soyasi to‘g‘ri bo‘lmaganidek, oilada ota-ona to‘g‘ri daraxt bo‘lishi kerakki, bola ham uning soyasidek to‘g‘ri bo‘lsin. Avvalo, bolani har bir so‘zni to‘liq va to‘g‘ri adabiy tilda talaffuz qilishga o‘rgatilsa, bu aniq fikrlashga asos bo‘ladi va boshqalar bilan muloqotda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bolalarning ona tilida ravon so‘zlashi kelajakdagi yutuqlarining debochasidir.
Farzandlarimiz birinchi galda, zamonaviy ilm-fan, san’at, sport va boshqa sohalardagi yangiliklar, atamalar, tushunchalar, xabarlar, tilimizning boy va qadimiyligi, ifoda imkoniyatlari kengligi va qulayligi, jozibasi-yu shirasini, avvalo, ona tilida olsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Globallashuv, madaniyat va qadriyatlar, milliy o‘zlik tushunchalari orasidagi masofalar kundan kunga qisqarib borayotgan pallada yon-atrofdagi o‘zarishlarga ko‘r-ko‘rona ergashmasdan, tilimizni qadrlashimiz, sevishimiz, uni sofligini saqlab qolishimiz muhim.
Millatning bebaho boyligi, hurligimiz timsoli bo‘lgan davlat tilini buzib qo‘llashga hech kimning haqqi yo‘q.
Ona tilimiz jozibasi mumtoz adiblarimiz asarlarida, o‘zaro gurunglarimizda, bozor-o‘charlarda, quloqlarimizga chalinadigan luqmalar, payravlarda, nuroniylarimizning hayotiy hikmatlarida, xalqimizning o‘lmas maqol, matallarida, onalarimiz aytib berajak ertaklarda, “kosa tagidagi nima kosa” gaplarda yashab kelmoqda.
Men o‘zbek tilining nafis tarovatini ona tilimizda bitilgan, o‘zim o‘qigan badiiy asarlarda ko‘rdim, xususan, “O‘tgan kunlar”da Kumushbibining ichki kechinmalari bitilgan maktublarida tilimizning nechog‘lik buyukligini, serqirraligini his etdim. Biz uchun doim suyukli bo‘lgan ona tilimiz rivoji uchun qilinayotgan, qilinajak har bir ezgu, xayrli ish tahsinga, maqtovga loyiqligini angladim.
Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, onamiz og‘ushidek issiq, tarovatli, haroratli, sahovatli va beg‘ubor tuyg‘ularimiz tarjimoni bo‘lgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak ma’naviyatga, ma’rifatga, madaniyatga yetaklovchi bebaho ne’matdir. So‘z hissi, qadrini ardoqlab yashaguvchi millat tili hech qachon zavol topmagay.
O‘zbek tilida buyuk bobokalonlarimiz yaratgan asarlarning qay birini olmang, o‘qimang... uning naqadar boy, nafosatga to‘laligiga amin bo‘lasiz. “Qissai Rabg‘uziy”, “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘atit turk”, “Xazoyinul maoniy”, “Xamsa”, “Boburnoma”dek shoh asarlar o‘zbek – turkiy til o‘laroq yangraydi.
Bobomeros, momomeros ona tilimizni davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida keng targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirishga e’tibor qaratishimiz lozim. Uning bor tarovatini saqlab qolsak, lug‘at boyligini oshirsak, sayqal bersak, raqamli tizimlarga joylasak, milliy tilimizdagi ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni yaratsak, tilimiz kelajagi yanada charog‘on va bu biz tutgan eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Madina Zufarova,
“RENESSANS” TA’LIM UNIVERSITETI
Filologiya va tillarni o‘qitish
fakulteti talabasi,
O‘zA