Buxoro — tarix va sayyohlik chorrahasida
Ba’zi shaharlar borki, ularni shunchaki tomosha qilib bo‘lmaydi — ularni his qilish, tarixini tinglash, har bir ko‘chasi va har bir toshida mujassam bo‘lgan o‘tmish nafasini tuyish kerak. Buxoro ana shunday betakror maskanlardan biridir.
Sentyabr oyining so‘nggi kunlarida qadimiy Buxoro yana o‘zining serjilo qiyofasini namoyon etmoqda. Kuzning iliq va mo‘’tadil havosida ko‘hna shahar ko‘chalari xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan gavjum. Bir qarashdayoq bu manzara Buxoroning nafaqat tarixiy shahar, balki bugungi kunda jahon turizmining muhim markazlaridan biriga aylanib borayotganidan darak beradi.
Ayni kunlarda ko‘hna va boqiy Buxoroga tashrif buyurayotgan xorijiy mehmonlar AQSH, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Turkiya, Xitoy, Indoneziya va Malayziya kabi davlatlardan kelmoqda. Ular uchun Buxoro — oddiy sayyohlik yo‘nalishi emas. Bu yerda Sharq sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, buyuk allomalar merosi, noyob me’moriy maktab, milliy taomlar va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hunarmandchilik an’analari bir butun madaniy xazina sifatida namoyon bo‘ladi.
Buxoroning qadimiy markaziga qadam qo‘ygan inson go‘yo vaqt mashinasiga tushgandek bo‘ladi. Poyi Kalon majmuasining salobati, Ark qal’asining ulug‘vor devorlari, Labi Hovuzning o‘ziga xos muhiti, qadimiy savdo gumbazlari va tor ko‘chalardagi an’anaviy me’moriy qiyofa sayyohni bir zumda asrlar qa’ridan bugungi kunga olib chiqadi.
Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurayotgan maskanlar orasida Poyi Kalon majmuasi, Ark qal’asi, Labi Hovuz ansambli, “Yetti pir” ziyoratgohlari, qadimiy hunarmandchilik markazlari hamda keyingi yillarda tashkil etilgan yangi turistik lokatsiyalar alohida o‘rin egallamoqda.


Biroq Buxoroning jozibasi faqat tarixiy obidalar bilangina cheklanmaydi. Bu yerda sayyoh kulolning qo‘lida shakllanayotgan buyumni, zargarning nozik mehnatini, misgarning zarbalarini, kashtado‘zning nafis naqshlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Milliy liboslar, zargarlik buyumlari, kulolchilik mahsulotlari va an’anaviy hunarmandchilik namunalari Buxoro sayohatini esda qolarli taassurotga aylantiradi.
Yana bir jihat — milliy gastronomiya. Buxoroning palovi, somsasi, shirinliklari, tandir taomlari va boshqa milliy taomlari ham shaharning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylanib bormoqda. Chunki sayyoh uchun yangi yurtni anglashning eng ta’sirchan yo‘llaridan biri — uning ta’mlarini his qilishdir.
Sentyabr oxiridagi Buxoro manzarasi esa alohida zavq bag‘ishlaydi. Kuzning yoqimli, mo‘’tadil havosi sayyohlar uchun shahar bo‘ylab uzoq sayr qilish, tarixiy obidalarni bemalol tomosha qilish, qadimiy mahallalar muhitini his etish uchun ayni muddao.
Ertalabki Buxoro boshqacha, kechki Buxoro esa yanada maftunkor. Kunduz kuni quyosh nurlarida oltinrang tusga kiradigan tarixiy peshtoqlar kechqurun yoritish chiroqlari ostida yana bir bor o‘zining betakror qiyofasini namoyon etadi. Qadimiy gumbazlar ostida sayr qilayotgan sayyohlar, hunarmandchilik rastalaridagi jonli jarayonlar, milliy musiqa sadolari va ziyorat maskanlaridagi osoyishta muhit Buxoroning kecha bilan bugunni bog‘lab turuvchi noyob shahar ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash bilan birga, uni butun dunyoga keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Prezident Shavkat Mirziyoyevning turizmni yangi bosqichga olib chiqish, hududlarning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish, tarixiy shaharlarni xalqaro turizm markazlariga aylantirish borasidagi tashabbuslari Buxoro uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ayniqsa, Buxoroning tarixiy-me’moriy muhitini asrab qolgan holda zamonaviy turistik infratuzilmani rivojlantirish, yangi mehmonxonalar va mehmon uylarini tashkil etish, turistik marshrutlarni kengaytirish, ziyorat, madaniy, gastronomik, ekologik va hunarmandchilik turizmini bir-biri bilan uyg‘unlashtirish borasidagi ishlar shaharning xalqaro sayyohlik xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.
Bu jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, turizm rivoji yangi ish o‘rinlari, xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishi, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlikning rivojlanishi, mahalliy aholi daromadlarining ortishi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Demak, Buxoroga kelgan har bir sayyoh nafaqat tarix bilan tanishadi, balki bugungi Buxoroning taraqqiyot jarayoniga ham guvoh bo‘ladi.
Buxoroning turizm salohiyatini oshirishda ziyorat turizmining o‘rni ham beqiyos. Asrlar davomida shakllangan ma’naviy meros, buyuk allomalar va avliyolar nomi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar bugun dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan mehmonlarni o‘ziga jalb etmoqda.
“Yetti pir” ziyoratgohlari bu borada alohida ahamiyatga ega. Bu maskanlar nafaqat diniy ziyorat, balki tarix, ma’naviyat va madaniyat uyg‘unlashgan o‘ziga xos turistik yo‘nalish sifatida ham tobora ommalashmoqda.


Buxoroning bugungi sayyohlik manzarasiga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqat ayon bo‘ladi: shaharning eng katta boyligi — uning o‘tmishi. Ammo uning eng katta imkoniyati — ana shu boy merosni zamonaviy turizm talablari asosida dunyoga tanitishdadir.
Bugun ko‘hna shaharning har bir ko‘chasida sayyoh uchun yangi taassurot bor. Kimdir ming yillik me’morchilik sirlarini izlaydi, kimdir buyuk allomalar tarixi bilan qiziqadi, yana kimdir milliy taomlar ta’mini his qilishni, hunarmandlar mahoratini tomosha qilishni istaydi.
Eng muhimi, Buxoro bugun o‘z tarixini shunchaki namoyish etayotgan shahar emas. U o‘zining boy merosini yangi iqtisodiy imkoniyatlarga, zamonaviy turizm mahsulotiga va xalqaro madaniy muloqot maydoniga aylantirib bormoqda. Kuz kunlarida Buxoro ko‘chalaridagi gavjumlik ana shu o‘zgarishlarning jonli ifodasidir.
Buxoroga kelgan sayyoh bu yerdan faqat suratlar bilan qaytmaydi. U ko‘nglida asrlar sadosini, qadimiy shahar nafasini, inson mehrini va Sharq madaniyatining betakror jozibasini olib ketadi. Shu bois Buxoro — xaritadagi oddiy manzil emas. U tarix tirik saqlanadigan, o‘tmish va kelajak uchrashadigan, har bir ko‘chasi o‘z hikoyasiga ega bo‘lgan noyob shahardir. Bugun uning qadimiy gumbazlari ostida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan mehmonlar suhbatlashmoqda. Ertaga esa bu mehmonlarning taassurotlari Buxoro haqida yana yangi hikoyalarni dunyoning turli burchaklariga olib boradi.
Buxoro yana mehmon kutmoqda. Va bu mehmonlar uchun u har safargidek bir xil emas — har kelganda o‘zining yangi bir sirini ochadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri