Buxoro — dunyo sayyohlarini maftun etayotgan shahar
Buxoroni bir marta ko‘rgan inson uning tarixini emas, tarixning o‘zi insonga qanday ta’sir qilishini his etadi. Bu zaminda asrlar sadosi qadimiy gumbazlar, masjid va madrasalar, tor ko‘chalar, hunarmandlar ustaxonalari va mehmondo‘st insonlar chehrasida bugun ham yashab kelmoqda. Shu bois Buxoroga kelayotgan sayyoh shunchaki tarixiy obidalarni tomosha qilmaydi — u ming yillik sivilizatsiya bilan yuzma-yuz keladi.
Bugun esa ana shu noyob meros zamonaviy turizm imkoniyatlari bilan uyg‘unlashib, Buxoroni xalqaro miqyosdagi yirik sayyohlik, madaniy va ishbilarmonlik markazlaridan biriga aylantirmoqda.
Butunjahon turizm kuni munosabati bilan Buxoroda turizm sohasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tantanali tadbir ham ana shu yuksalishning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, sayyohlik sohasida fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarni ushbu muhim sana bilan samimiy muborakbod etdi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmog‘iga aylantirish, tarixiy-madaniy merosdan samarali foydalanish, hududlarning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu esa Buxoro misolida o‘zining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.
Joriy yilda viloyatga 2 million 35 mingdan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ularga ko‘rsatilgan turistik xizmatlar hisobiga 581,5 million AQSH dollari miqdorida tushum qayd etildi. Shuningdek, respublikamizning turli hududlaridan 4 million 100 mingdan ortiq mahalliy sayyoh Buxoroga keldi.


Bu raqamlar ortida shunchaki statistika emas, balki minglab yangi ish o‘rinlari, oilalarning daromadi, tadbirkorlikning kengayishi, hunarmandchilikning jonlanishi, yangi xizmat turlarining paydo bo‘lishi va eng muhimi, Buxoroning dunyodagi turistik xaritadagi mavqei tobora mustahkamlanayotgani mujassam.
Sayyohlar oqimining ortishi, tabiiyki, turizm infratuzilmasini ham jadal kengaytirishni taqozo etmoqda. Yil boshidan buyon viloyatda 79 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 757 taga yetkazildi. 1 842 ta yangi mehmon o‘rni tashkil etildi. Shuningdek, 35 ta yangi turoperator va turagent faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugun turizm va unga tutash tarmoqlarda 85 ming nafar aholi mehnat qilayotgani esa soha Buxoro iqtisodiyoti va aholi farovonligining muhim tayanchlaridan biriga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Buxoroning sayyohlik salohiyati uning qadimiy obidalari bilangina cheklanmaydi. Shahar bugun xalqaro madaniy muloqot, ijodkorlik, hunarmandchilik va ishbilarmonlik maydoni sifatida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Buxoro 2020-yilda Islom olami madaniyati poytaxti, 2023-yilda “Butun jahon hunarmandlar shahri” maqomiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, YUNESKOning Ijodkor shaharlar tarmog‘iga “Amaliy bezak va xalq san’ati” yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi ilk shahar sifatida kiritildi. Bu e’tiroflar Buxoroning nafaqat tarixiy merosi, balki bugungi ijodiy salohiyati, milliy hunarmandchiligi va madaniy an’analari xalqaro miqyosda munosib baholanayotganidan dalolatdir.
So‘nggi yillarda o‘tkazilgan Osiyo xotin-qizlar II forumi, III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali, “Ipak va ziravorlar” festivali, I Buxoro biyennalesi kabi yirik tadbirlar ham shaharning xalqaro anjumanlar va madaniy tadbirlarga mezbonlik qilish salohiyatini namoyon etdi.
Eng muhimi, Buxoro 2027-yilda YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Unda qariyb 110 ta mamlakatdagi 408 ta ijodkor shahar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.


Bu — Buxoroning xalqaro madaniy maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganining yana bir yorqin dalili.
Zamonaviy turizm faqat tarixiy obidalarni ko‘rsatishdan iborat emas. Bugun sayyoh bir vaqtning o‘zida sifatli xizmat, qulay mehmonxona, mazali milliy taom, xavfsiz muhit, qiziqarli madaniy dastur, xarid qilish imkoniyati va unutilmas taassurotni izlaydi. Shu nuqtai nazardan Buxoroda MICE — kongress, konferensiya, ko‘rgazma va ishbilarmonlik turizmi uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangi mehmonxonalar, Kongress-xoll majmuasi, Ko‘rgazmalar zali va boshqa zamonaviy ob’ektlarning barpo etilayotgani Buxoroning nafaqat sayyohlar, balki xalqaro forumlar, yirik konferensiyalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari uchun ham jozibador manzilga aylantirmoqda. Ayni paytda turizm geografiyasi ham kengaymoqda. Viloyatning turli hududlarida “turizm qishlog‘i” va “turizm mahallasi” maqomlari joriy etilib, milliy hunarmandchilik, gastronomiya, oilaviy mehmon uylari, etnoturizm va mahalliy xizmatlarni yaxlit turistik mahsulotga aylantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Demak, turizm endi faqat Buxoro shahri markazi bilan cheklanib qolmayapti. U asta-sekin qishloq va mahallalarga kirib bormoqda, odamlarning kundalik mehnati va mahalliy imkoniyatlarini yangi daromad manbaiga aylantirmoqda.
Turizm sohasining haqiqiy qahramonlari — bu har kuni mehmonlarni kutib oladigan, ularga yo‘l ko‘rsatadigan, tarixni so‘zlab beradigan, milliy taom tayyorlaydigan, zarduzlik va misgarlik sirlarini namoyish etadigan, mehmonxonada xizmat ko‘rsatadigan, transportda hamrohlik qiladigan, muzey va madaniy maskanlarda mehmonlarga xizmat qiladigan minglab insonlardir.


Shu ma’noda viloyat hokimi Botir Zaripovning tadbirda turizm sohasi vakillariga bildirgan minnatdorligi alohida ahamiyatga ega.
— Buxoroga kelayotgan har bir mehmonning taassuroti sizlarning mehnatingiz bilan chambarchas bog‘liq. Sizlarning har biringiz Buxoroning dunyodagi o‘ziga xos tashrif qog‘ozini yaratayotgan insonlarsiz, — dedi viloyat rahbari.
Darhaqiqat, Buxoroning dunyodagi obro‘si faqat uning qadimiy devorlari yoki muhtasham obidalari bilan emas, balki ana shu obidalarni mehr bilan asrab-avaylab, mehmonlarga uning ma’no-mazmunini yetkazayotgan insonlar bilan ham belgilanadi.
Tantanali tadbirda sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, turizmni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyilarning xizmatlari munosib taqdirlandi.


Bir guruh soha vakillariga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Buxoroning turistik salohiyatini yuksaltirish, mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, milliy madaniyat va mehmondo‘stlik an’analarini keng targ‘ib etishda faollik ko‘rsatgan mutaxassislar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar. Ular orasida turoperator va turagentlar, mehmonxona va restoran xodimlari, gidlar, hunarmandlar, transport va servis sohasi vakillari, muzey va madaniyat muassasalari
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri