Boysunda Surxonning lazzatli taomlari namoyish etildi
Surxondaryo viloyatining xushmanzara Boysun tumanida “Lazzatli Surxon” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori birinchi ilovasi 35-bandi va Vazirlar Mahkamasining shu yil 13 martdagi “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda ziyorat turizmini rivojlantirish to‘g‘risidagi yig‘ilish bayoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda xorijlik va mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar ham ishtirok etdi.


Festival erta tongdan “Boysun bahori” turizm majmuasida Termiz shahri va tumanlar ajratilgan pavilonlarda milliy taomlar namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari va suvenirlar ko‘rgazmasi, “Uzum sayli”, “Olma sayli”, “Anor sayli” kabi an’anaviy ko‘rgazmalar bilan boshlandi. Taniqli baxshilar ijrosidagi terma va dostonlar, folklor jamoalarning qiziqarli dasturlari, milliy etnik o‘yinlar ham bayramona tadbirga o‘zgacha shukuh ulashdi.
Qadimiy vohaning gastronomik turizm salohiyatini yanada kengroq targ‘ib etish orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish, milliy pazandachilik san’atimizni dunyoga keng targ‘ib qilish hamda xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etishga xizmat qilgan festivalda eng mohir pazandalar 20 dan ortiq turdagi milliy taom tayyorlash sirlarini namoyish etdi. Ishtirokchilar ta’mi og‘izda eriydigan taomlarni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


– Tandir go‘shti qadimdan ajdodlarimiz tayyorlagan mazali taomlardan biri, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanilik oshpaz Akbar Islamov. – U qo‘y go‘shtidan qizdirilgan tandir cho‘g‘ida pishiriladi. Go‘shtga sepilgan archa va boshqa ziravorlar yanada xushbuy ta’m beradi. Festivalda tandir go‘sht tayyorlash bilan birga ishtirokchilarga uni pishirish usullarini ham tushuntirdik. Lazzatli taom barchaga birdek yoqqanidan xursandmiz.
Festivalda Sherobod anorlari, Boysun olmalari, Oltinsoyning uzum va vinolari ham mehmonu mezbonlarga manzur bo‘ldi.


Tadbirda “Eng yaxshi milliy taom”, “Eng yaxshi oshpaz”, “Eng faol hudud” nominatsiyalari g‘oliblari va ishtirokchilar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Festival Tojikiston Respublikasi va Toshkent shahridan kelgan hamda mahalliy san’atkorlar ijrosidagi gala-konsert bilan yakunlandi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri