Bolalar nigohidagi tabiat
Bolalar – tabiatning mo‘’jizasi. Ular borliqni samimiy, beg‘ubor nigohlari bilan ko‘radilar. Atrofdagi manzaralarga o‘zlari chizgan rasmlar orqali munosabat bildiradilar.
Poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda “Tabiat – bolalar nigohida” nomli bolalar rasmlari Respublika tanlovi hamda ushbu mavzuga oid badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.
Aytish kerakki, iyun-iyul oylarida ushbu ijodiy tanlovning saralash bosqichlari o‘tkazildi. Tanlovning maktabgacha ta’lim tashkiloti bosqichida 30 ming 352 nafar tarbiyalanuvchi ona-tabiatga oid ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Ularning 18 ming 57 nafari o‘g‘il bolalar, 12 ming 295 nafar qiz bolalardir.
Ushbu tanlovning tuman (shahar) bosqichida 7 ming 375 nafar, viloyat bosqichida 416 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Tanlovning respublika bosqichi ochilishida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Lola Berdiyeva mamlakatimizda bolalarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etayotganini, ushbu ijodiy loyiha ham kichkintoylarning tabiatga bo‘lgan mehri va mas’uliyatini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.
[gallery-24609]
Tanlov doirasidagi ko‘rgazma uchun taqdim etilgan rasmlar bir-biridan qiziqarli ekani bilan ahamiyatli. Masalan, Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Saodat Do‘stmurodova ona-tabiatni tirik, jonli mavjudot ekanini, inson ona-sayyoramiz bilan uyg‘un, hamohang yashashi kerakligini o‘z rasmlarida aks ettirishga intilgan.
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Yorqin yulduz – boychechak” davlat-xususiy sheriklik bog‘chasi tarbiyalanuvchisi Parizoda Muxtorova tozalash qurilmalarisiz ishlayotgan korxonalar, ayrim zararkunanda insonlarning ona-tabiatga yetkazayotgan zarari ham samimiyat, ham kuyinchaklik bilan tasvirlangan.
–Men o‘z rasmlarimda daraxtlar, qadimiy qal’alar, zilol suvli daryo va ko‘llarni chizdim, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 6-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Otabek Borliqboyev. – Tabiatni, daraxtlarni, suvni asrab-avaylasak, Vatanimiz yanada obod bo‘ladi.
Salqin, sersoya bog‘da bolalar tanlov hakamlar hay’ati hamda ota-onalar, keng jamoatchilik, pedagoglar ko‘z o‘ngida tabiat haqida tasavvurlarini yana bir karra tasvirlab berdilar.
Rasmlari eng yaxshi deb topilgan bolalar tanlov tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari