Bojxona: Raqamli, tahlilga asoslangan va intellektual boshqaruv tizimi samaralari
So‘nggi yillarda yangi O‘zbekiston bojxona tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakat tashqi savdo siyosati, iqtisodiy ochiqlik, investitsiyaviy jozibadorlik hamda xalqaro integratsiya jarayonlarining muhim tarkibiy qismiga aylandi.
Avvallari eksport hujjatlarini tayyorlash uchun 96 soat, import jarayonlari uchun esa 150 soatgacha vaqt talab etilar edi. Bu ko‘rsatkich iqtisodiy rivojlangan davlatlar amaliyotiga nisbatan 5–6 barobar yuqori bo‘lgan. Shu bilan birga, xavflarni boshqarish tizimi yetarlicha takomillashmagani sababli yuklarning qariyb 70 foizi jismoniy tekshiruvdan o‘tkazilar, bu esa vaqt yo‘qotilishi, navbatlar hamda sub’ektiv qarorlar xavfini oshirar edi.

Aynan shu muammolar bojxona ma’murchiligini raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun tezkor va shaffof muhit yaratish zaruratini kuchaytirdi. Natijada “Tartibli tadbirkor — adolatli bojxona” tamoyili asosida davlat va biznes o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan yangi boshqaruv modeli shakllandi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, polkovnik G‘ayrat Nasirov quydagilarni gapirib berdi.
—Xalqaro e’tirofning asosiy omili — bojxona ma’murchiligida raqamli transformatsiyaning izchil amalga oshirilayotgani, — deydi G‘ayrat Nasirov. — 2023–2025-yillar davomida Bojxona qo‘mitasi respublika miqyosida raqamlashtirish yo‘nalishida o‘tkazilayotgan idoralararo reyting baholash tizimida izchil ravishda 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Bojxona organlarida 176 ta yangi dasturiy mahsulot ishlab chiqildi. Bojxona ob’ektlari 35 turdagi qariyb 19 mingta nazorat-texnik vositalari bilan jihozlandi. Chegara postlarida 45 ta elektron tarozi, 107 ta davlat raqamini avtomatik aniqlovchi kamera va 29 ta inspeksion ko‘rik majmuasi ishga tushirildi.

Natijada 2025-yilning 10 oyida 3 milliondan ortiq avtotransport hamda 2 millionga yaqin temir yo‘l vagonlaridagi tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Transport nazorati” tizimiga inson omilisiz kiritildi.
2024-yilda “Eksport — uch qadam” tizimi joriy etilib, eksport jarayonidagi 9 bosqichli nazorat 3 bosqichga qisqartirildi. 2025-yil apreldan to‘liq ishga tushirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik rasmiylashtirish tizimi sohada muhim burilish nuqtasi bo‘ldi: inson aralashuvi 75 foizga, rasmiylashtirish vaqti esa 65 foizga qisqardi.
Xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilar oqimi 2,5 milliondan 8,7 million nafarga yetgan sharoitda “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etilib, 44 ta aviakompaniya bilan ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Natijada yo‘lovchilarni nazoratdan o‘tkazish vaqti 25 daqiqadan 5 daqiqagacha qisqardi.
“E-Tranzit” tizimi ham tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun muhim qulaylik yaratdi. Elektron tranzit orqali hujjatlarni avtomatik taqdim etish va real vaqtda kuzatish imkoniyati ortiqcha qog‘ozbozlikni sezilarli darajada kamaytirdi.
Islohotlar tashqi savdo hajmi, byudjet tushumlari va nazorat samaradorligida ham yaqqol aks etmoqda. 2020–2025-yillarda tashqi savdo aylanmasi 2 barobarga oshdi. 2025-yilda bojxona to‘lovlari tushumi 76,2 trillion so‘mni tashkil etib, 3 barobar o‘sish qayd etildi.
So‘nggi to‘rt yilda bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtiruvchi xodimlar soni 40 foizga qisqargan bo‘lsa-da, qo‘shimcha undirilgan bojxona to‘lovlari 5,5 barobarga oshdi. Ko‘riklar soni 20 foizga kamaygan holda ularning samaradorligi 10 barobardan ziyod oshdi. Rentgen tasvirlari tahlili orqali aniqlangan huquqbuzarliklar 3,5 barobarga, ularning qiymati esa 2 barobarga ko‘paydi.
So‘nggi to‘rt yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2 172 ta holatda 13 tonna giyohvand moddalar va 1,5 tonna psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
“Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali ishlaydigan tadbirkorlar soni 75 tadan 458 tagacha, ya’ni 6 barobarga oshdi. Qayta ishlangan mahsulotlar eksporti 181 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetdi. 2025-yil oktabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada 37 davlatdan 50 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi. Unda import o‘rnini bosuvchi 208 ta loyiha shakllantirildi.

O‘zbekiston “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da 146-o‘rindan 121-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon banki logistika samaradorligi indeksida bojxona komponenti 140-o‘rindan 74-o‘ringa chiqdi. BMT Elektron hukumat indeksida O‘zbekiston “juda yuqori” rivojlanish darajasidagi davlatlar qatoriga kirdi. Bojxona qo‘mitasi esa 98 davlat tashkiloti orasida 5-o‘rinni egalladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston bojxona tizimi an’anaviy ma’muriy nazorat modelidan raqamli, tahlilga asoslangan va intellektual boshqaruv tizimiga izchil o‘tmoqda. Islohotlar tashqi savdoni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va xalqaro integratsiyani kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA