Ekologik barqarorlik va sog‘lom atrof-muhit nazoratda bo‘lishi shart
Angor tumanida Surxondaryo viloyatining atrof-muhit monitoringi, avtotransport vositalariga ekologik stikerlar berish, qurilish va maishiy chiqindilarni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimizning 2025-yil 18-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi tahlil qilindi. Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga mansub korxonalarda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish ishlari muhokama etildi. Ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi uchun qulay, sog‘lom atrof-muhit yaratish hamisha jiddiy nazoratda bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik sertifikatlashtirish markazi direktori Nodir Yunusov korxonalarda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish, ularni texnik talablarga muvofiq joylashtirish hamda ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilishning tartib va tamoyillari yuzasidan batafsil tushuntirish berdi. Monitoring uskunalarini tanlash, o‘rnatish jarayonlari, shuningdek, ma’lumotlarning uzluksiz va ishonchli uzatilishini ta’minlash yuzasidan tavsiyalarini bildirdi.

Qayd etildiki, viloyatdagi 127 ta korxonada fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish belgilangan. Biroq, hozirgacha ularning atigi 2 tasida mazkur uskuna o‘rnatilgan. “Petromaruz-Uzbekistan”, “Termiz xalqaro aeroporti”, “Top Quality Brend” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari korxonalarida “AURIS GREENTECH” korxonasi bilan hamkorlikda uskunani o‘rnatish boshlangan.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-noyabrdagi 750-qaroriga muvofiq viloyatda 36 mingdan ortiq avtotransport vositasiga ekologik stiker rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, bu raqam Respublika ko‘rsatkichiga nisbatan past ekani ta’kidlanib, mas’ul tashkilotlarga ishlarni tezlashtirish topshirildi. Shuningdek, qurilish va maishiy chiqindilarni boshqarish, sanitariya tozalash xizmatlari sifati hamda chiqindilarni poligonlarga joylashtirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Vohada sanitariya xizmatlari samaradorligini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatayotgan korxonalarning majburiyatlari bajarilishini qat’iy nazorat qilish, chiqindi poligonlari bilan bog‘liq debitor qarzdorliklarni undirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri