O‘zbekiston bozoridagi bo‘shliqlar: Biznes uchun istiqbolli yo‘nalishlar
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi mamlakatimizda tadbirkorlik va sarmoya uchun istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar to‘plamini taqdim etmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qator tovar bozorlarida mahalliy ishlab chiqarish hali ichki talabni to‘liq qoplamayapti. Xususan, o‘tgan yil va joriy yilning dastlabki oylarida 94 turdagi mahsulot bo‘yicha mahalliy ulush pastligi qayd etilgan. Shuningdek, ichki bozori to‘yinmagan va raqobat muhiti yetarlicha shakllanmagan 20 turdagi mahsulotlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar olib borildi.
Erkin iqtisodiy zonalardan kelib tushgan murojaatlar asosida esa 105 ta tovar bozori tahlil qilinib, ularning 55 tasida talab yuqori ekani aniqlangan.
Bu kabi tahlillar tadbirkorlarga bozordagi bo‘shliqlarni aniqlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va investitsiya qarorlarini aniq raqamlarga tayanib qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu ma’lumotlar mamlakat iqtisodiyotida yangi ishlab chiqarish nuqtalari va istiqbolli biznes yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim manbaga aylanmoqda.
N. Rahmonova, O‘zA