Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Toshkent shahri ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari narxining oshirilishi bilan bog‘liq hujjat loyihasi turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda Toshkent shahrida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlarni oshirishni taqozo etayotgan sabablarga oydinlik kiritamiz.
Toshkent shahriga ichimlik suvi jami 7 ta suv inshootlari (5 tasi Toshkent shahrida, 2 tasi Toshkent viloyatida joylashgan) orqali mavsumga qarab sutkasiga 1 million 800 ming kub metrdan 2 million 300 ming kub metrgacha ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga 3 ta suv tozalash inshootlari orqali sutkasiga o‘rtacha 1 million 500 ming kub metr oqova suv qabul qilinib, tozalanadi. Mazkur ishlarga tizimdagi 4000 dan ziyod ishchi-xodim jalb qilingan.
E’tiborlisi, mana shu ko‘rsatkichlarga shahardagi qariyb 73 foizga yaqin ichimlik suvi tarmoqlari, 63 foiz oqova suv quvurlari ma’nan eskirgan bir sharoitda, bor iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanilgan holda erishilmoqda.
Yuqorida aytganimizdek, shaharda suv ta’minoti infrastrukturaning eskirgani aslida juda keskin holat. Kutilmagan yirik nosozliklar kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lib, ular sodir bo‘lganda avvalo ta’minotida uzilishlar kuzatiladi. Buning oqibatlarini esa tasavvur qilish qiyin emas.
Shu boisdan ham korxonaning resursi shu kabi ishlarga yo‘naltirilmoqda. Misol uchun, joriy yilda barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 48,3 km. ichimlik va 17,1 km. oqava suv tarmoqlarini joriy va kapital ta’mirlash ishlari mo‘ljallangan edi. O‘z navbatida, “Toshkent shahar suv ta’minoti" MCHJ 4,6 mlrd.so‘m o‘z mablag‘lari hisobidan 24,7 km ichimlik va 1,4 km oqava suv tarmoqlarini kapital ta’mirlash ishlarini olib bordi. Shuningdek, jami 1,45 mlrd. so‘mga 197 dona nosoz o‘t o‘chirish moslamalari hamda 203 dona nosoz yopqichlar almashtirildi, 680 dona ichimlik va oqava suv quduqlari kapital ta’mirlanib, lyuk oboymalar o‘rnatildi.
O‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish darajasi joriy yilda o‘tgan 1 (2-3) yilga nisbatan 45 foizga kamaydi.
Shu bilan birga Toshkent shahrida yetkazib berilayotgan ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari iste’molchilarning yirik qarzdorlik holati mavjud. Ma’lumot uchun, 2020 yilning 9 oyiga aholi, byudjet va tijorat tashkilotlarining qarzdorlik holati 184 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Jumladan, aholi bo‘yicha qarzdorlik oxirgi 2 yilga nisbatan 182.5% ga yoki 82.7 mlrd.so‘mga o‘sgan, yuridik tashkilotlar bo‘yicha esa 284.4% ga. Albatta, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun bu kabi to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmasligi mo‘ljallangan loyihalar va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirilmay qolayotganligini izohlaydi.
Shuningdek, suv ishlab chiqarish tannarxi ham amaldagi narx bilan mutanosib emas. Masalan, bugungi kunda korxona tomonidan 1 kub suv ishlab chiqarish uchun 372 so‘m sarflanmoqda. Ko‘rinib turibdiki, tannarxning o‘zi aholi uchun hisoblangan 1 kub ichimlik suvi narxidan (310 so‘m) 62 so‘mga qimmat.
Shu kabi omillar sabab Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ 2019 yilda 58,8 mlrd.so‘m, hamda 2020 yil 8 oyligida 21,3 mlrd.so‘m zarar ko‘rdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 sentyabrdagi “Ichimlik suv ta’minoti va oqava suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyixalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6074-sonli Farmonida monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni (tariflarni) tartibga solish organlari xulosalari olinib, xalq deputatlari Kengashlari qarorlari bilan ma’qullanganidan so‘ng tariflar tasdiqlanishi belgilangan.
Shunga muvofiq, tizim va tarmoqlarning eskirganligi tufayli suv ta’minotida uzilishlarni oldini olish, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlarining sifatini oshirish bo‘yicha 2021 yilga rejalashtirilgan tadbirlarni inobatga olgan holda yangi tariflar bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Taklif etilayotgan tariflarda quyidagi narxlar belgilanmoqda.
1 metr kub (1000 litr) ichimlik suvi uchun tariflar:
- aholi, byudjet va ulgurji iste’molchilar uchun (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 500 so‘m (amaldagi narx 310 so‘m).
-tijorat tashkilotlari uchun 1500 so‘m (amaldagi narx 730 so‘m)
Kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflar:
- aholi, byudjet va ulgurji iste’molchilar uchun (qo‘shimcha qiymat solig‘isiz) 350 so‘m (amaldagi narx 250 so‘m)
- tijorat tashkilotlari uchun 820 so‘m (amaldagi narx 460 so‘m)
Natijada, taklif etilayotgan narx (tarif)lar evaziga 2021 yilda maqsadli rejalar qo‘yilgan:
- Nasos stansiyalardagi suv uzatish tizimini avtomatlashtirish (SCADA) hisobiga va eskirgan nasoslarni yangi zamonaviy energotejamkor nasoslarga almashtirish va suv quvurlaridagi suv bosimlarini doimiy nazoratga olish hisobiga tarmoqlardagi avariyalar sonini 25-30% ga qisqartirish. Buning natijasida suv ishlab chiqarish hajmini 17,6 mln.m3 ga kamaytirish (768,4 mln.m3 dan 750,8 mln.m3 gacha). Bu o‘z navbatida yiliga 6 mln.kvt elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini beradi.
- Tarmoqlardagi avariyalarni vaqtida bartaraf qilish hisobiga, hamda hozirda eskirgan ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlarini joriy va kapital ta’mirlash hisobiga suv yo‘qotishlari 2,5 %ga kamayadi (26,5% dan 24,0%gacha). Buning natijasida iste’molchilarga yetkazib berilgan suv hajmi amaldagi 511,7 mln.m3 dan 530,0 mln.m3 (18,3 mln.m3)ga oshirilishi kutilmoqda.
- Jamiyatning bugungi kundagi xalqaro moliya institutlari oldidagi qarzlarini o‘z vaqtida qaytarishni imkonini beradi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 16 dekabrdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent shahri kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi PQ-1443 son qaroriga muvofiq Islom taraqqiyot bankidan 33,9 mln.AQSH dollari kredit mablag‘lari jalb qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar 8,7 mln.AQSH dollari qaytarilgan, 24 mln.AQSH dollari qolgan. To‘lov grafigiga asosan yiliga ikki transhda jami 3,0 mln.AQSH dollari qaytarish belgilangan.
Shu o‘rinda aniqlik kiritish kerakki, boshqa kommunal xizmatlar narxi barcha hududlar uchun bir xil miqdorda, ichimlik suvi esa o‘sha hududning suv yetkazib berishdagi geografik joylashuvi, unga ketadigan sarf-xarajatlardan kelib chiqib belgilanadi.
Yurtimiz bo‘ylab qiyoslaganda esa Toshkent shahri suv narxi eng arzon bo‘lgan hududlardan hisoblanadi – ya’ni, poytaxtdagi iste’molchi markazlashgan ichimlik suvining 1 litrini amaldagi 31 tiyin o‘rniga 50 tiyindan olishi kutilmoqda.
taqqoslash uchun: qadoqlangan 1 litr suv narxi savdo shahobchalarida 2000 so‘m atrofida.
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahrida hisoblagich o‘rnatilgan 5 kishilik xonadon bir oyda yakka tartibdagi uylarda o‘rtacha 24 kub metr (24 ming litr) va ko‘p qavatli uylarda o‘rtacha 20 kub metr (20 ming litr ) suvdan foydalanadi. Bu yangi tarif bo‘yicha ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun o‘rtacha 18-22 ming so‘m sarflanadi degani. Hisoblagich o‘rnatilmagan xonadonlarda esa norma bo‘yicha hisoblaganda bu ko‘rsatkich 63-67 ming so‘mni tashkil qiladi.
«Toshkent shahar suv ta’minoti» MCHJ Axborot xizmati