Dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ichimlik suvi tanqisligi dolzarb muammolardan biri. Buni aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80,9 foiz ekanidan ham anglash mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida ichimlik suvi ta’minotining 65 foizi yer osti va 35 foizi yer usti suv manbalaridan olinadi.
Iste’molchilarga toza ichimlik suvini yetkazib berish hamda oqova suvlarni chiqarib yuborish o‘z o‘rnida bir qator ishlab chiqarish bosqichlarini, minglab xodimlar mehnatini talab etadi.
Mavjud vaziyat esa aholini suv bilan ta’minlash masalalarida bozor narxlari mexanizmlariga o‘tish zarurligidan dalolat beradi. Xo‘sh, bunda tariflar qanday shakllantiriladi? Markazlashgan ichimlik suvining narxi qaysi tamoyillar asosida belgilanadi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida “O‘zsuvta’minot”AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodovga murojaat qildik.
– Ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun tariflarni shakllantirish, tasdiqlash va amalga kiritish O‘zbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi,– dedi Akmal Murodov.– Qonunga asosan suv ta’minoti korxonalari tomonidan shakllantirilgan takliflar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, narxlarni tartibga solish organlarining xulosalari olingandan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Tariflarning belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqilishi sohani rivojlantirish va modernizatsiya qilish orqali iste’molchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflar:
–mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar (elektr energiya, ish haqi, reagentlar, joriy va mukammal ta’mirlash);
–joriy xarajatlar;
–tizim ob’ektlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari;
–Xalqaro moliya institutlari oldidagi majburiyatlar;
–soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda markazlashgan ichimlik suvi tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovut kattalashdi. Bu yo‘nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan boshqa yana bir qator omillar ta’sir qiladi:
Birinchidan, so‘nggi 3 yilda iste’molchilar soni 1 milliondan oshgan. Bu esa ichimlik suvi yetkazib berish uchun yanada ko‘proq mehnat va xarajatlarni talab etadi;
Ikkinchidan, suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi.
Qolaversa, 2023 yil 1 oktyabrdan elektr energiyasi narxi 450 so‘mdan 900 so‘mga,2025 yil 1 maydan 900 so‘mdan 1000 so‘mga oshganligini ham eslab o‘tish joiz;
Uchinchidan, muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal ta’mirlash xarajatlaridir.
Bugungi kunda 1 metr kub ichimlik suvi tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish haqi xarajatlari 29 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlar 4 foizni tashkil etadi.
Ko‘rsatilayotgan ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarini vaqtida ko‘rib chiqmaslik natijasida korxonaning o‘z joriy xarajatlarini qoplash imkoniyati cheklanib boradi. Xususan:
–sohaga jalb etilgan hamda jalb etilayotgan investitsiyalar bo‘yicha majburiyatlar xorijiy valyutada bajarilishi zarur. So‘nggi uch yilda xorijiy valyutada olingan kreditlarni qaytarishda chet el valyuta kursining yil davomida keskin oshishi natijasida moliyaviy xarajatlar ham oshmoqda;
– valyuta kursi 21 foizga;
–zararsizlantirish vositalari (xlor) 47 foizga;
–joriy va mukammal ta’mirlash vositalari (quvur) 25-50 foizga;
–Milliy gvardiya inshootlarini qo‘riqlash xizmatlari o‘rtacha 60 foizga oshgan.
Shuningdek, 2021 yil tasdiqlangan tariflarda eng kam ish haqi 679 ming so‘m bo‘yicha hisobga olingan bo‘lib, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1155 ming so‘mni tashkil etmoqda yoki ish haqi miqdorlari (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori) 44 foizga oshgan.
Bundan tashqari, ichimlik va oqova suv inshootlarini qo‘riqlash xizmati to‘lovlari so‘nggi uch yilda 6 marta oshganligi natijasida 18,5 milliard so‘m qo‘shimcha to‘lovlar kelib chiqqan.
Masalaning eng o‘ylantiradigan tomoni shundaki, bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda ko‘zda tutilmagan.
Hozirgi tariflar bilan hisoblaydigan bo‘lsak, aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali yetkazilayotgan ichimlik suvining 1 litri 2 so‘m 79 tiyinga to‘g‘ri keladi. Savdo do‘konlarida esa 1litr plastik qadoqdagi suv o‘rtacha 4 ming so‘mdir. Bundan ko‘rinadiki, ichimlik suvi narxi 1430 baravar arzon yoki savdo do‘konlarida xarid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 2800 litr ichimlik suvi yetkazib beriladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, korxonalar o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishi uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqishi hamda ularni tannarx xarajatlarini to‘liq qoplaydigan darajaga yetkazish talab etiladi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida ichimlik va oqova suv tariflari qayta ko‘rib chiqildi.
Nilufar Bozorova yozib oldi.
O‘zA