Bayroq ostidagi sevinç yoşlari
Mustaqil yurt bayroğini baland kötariş nafaqat yirik jahon arenalarida, balki ösib kelayotgan yoş avlodning ilk ğalabalarida ham özgaça şukuh va maʼno kasb etadi.
Har bir mustaqil davlatning öz ramzlari, muqaddas timsollari böladi. Ular xalqning şonli ötmişi, bugungi tinç-osoyişta hayoti va kelajakka bölgan işonçini özida mujassam etadi.
Yoşlik davrlarida davlat ramzlariga şunçaki nazar taşlagan ekanman-mi, bilmadim, hozirda bunga bölgan iftixor tuyğusi naqadar totli bölişini his etyapman. Yurtim bayroğining köklarda mavjlanişi könglimda uluğvorlik, ğurur va iftixor hislarini uyğotmoqda.
Özbekiston Respublikasi Davlat bayroği qabul qilinganining 35 yilligi nişonlanayotgan şukuhli kunlarda 14 yoşli nabiram Abduşukur sportning taekvondo ITF turi böyiça Samarqand şahrida bölib ötgan Özbekiston çempionatida tengdoşlari orasida eng yuqori natijani qayd etib, faxrli birinçi örinni qölga kiritdi.

Bu ğalaba osonlikça qölga kiritilmadi. Çempionat davomida nabiram uç marta tatamiga çiqib, har uçta jangda ham raqiblaridan ustun keldi. Uning aytişiça, hal qiluvçi uçinçi jang ança murakkab va keskin vaziyatlarga boy bölgan. Nabiram sönggi soniyalargaça bor mahorati va metin irodasini işga solib, ballar farqi bilan munosib ğalabaga erişdi. Uning bu matonatini eşitib, qalbimizdagi iftixor tuyğusi yanada ortdi.
Albatta, bunday yuksak natijada ustoz-murabbiylarning maşaqqatli mehnati, sabr-toqati va yuksak mahorati bor. Nabiramga nafaqat sport sirlarini örgatgan, balki unga töğri yöl körsatib, ruhan qöllab-quvvatlagan fidoyi murabbiy Hojaakbar Asomovga oilamiz nomidan çeksiz minnatdorlik bildiraman.

Ğoliblarimizning Samarqand şahridan qaytişini oilaviy kutib olişga çiqdik. Nihoyat, sportçilar ötirgan avtobus körindi. Avtobus eşiklari oçilib, yoş çempionlar qöllarida Özbekiston bayroğini baland kötargança birin-ketin tuşib kelişdi. Ana şu manzarani körganimda, yuragim şu qadar entikib ketdiki, közlarimga beixtiyor sevinç yoşlari keldi.

Endigina ön tört yoşga tölgan ösmirlarning yelkasida hilpirab turgan muqaddas bayroğimiz ularga göyoki qanot bağişlagandek edi. Nabiramni bağrimga bosar ekanman, uning yelkasidagi bayroqning taftini, undagi vatanparvarlik ruhini butun vujudim bilan his qildim. Biz, kattalar uçun bu şunçaki sport musobaqasidagi yutuq emas, balki kelajak avlodning Vatanga bölgan muhabbati, metin irodasi va yurt şaʼnini himoya qilişga tayyorligining isboti edi.
Nabiramning uşbu muvaffaqiyati uning kelajakda jahon arenalarida ham bayroğimizni yuksaklarga kötarişi uçun ilk poydevor bölişiga çin dildan işonaman.
Zohida Mirrahimova,
Toşkent şahri, Sergeli tumani, Xonobod MFY.
ÖzA