Qadimiy topilmalardan zamonaviy ipak yo‘llarigacha
Davlatimiz rahbarining shu yil 21-aprel kuni qabul qilingan qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” muzeyi tashkil etiladi. Muzeyni shaharning tarixiy qismi Ko‘ksaroy maydoni hududida barpo etish rejalashtirilgan va ayni paytda loyiha ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida soha mas’ullari va mutaxassislar tomonidan muzey ekspozitsiyasini yaratish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.
– Qaror bilan “Ipak yo‘li” davlat muzeyini tashkil etish bo‘yicha 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan, – deydi “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Safura Ro‘zimurodova. – Dasturda 2026-2028-yillarda qurilish, malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, muzeyning ilmiy konsepsiyasi va tematik-ekspozitsion rejasini ishlab chiqish belgilangan. Biz bu borada izlanishlar olib borib, yangi muzey ekspozitsiyaning ilmiy konsepsiyasi dastlabki loyihasini tayyorlab, tegishli idoralarga taqdim etdik. Konsepsiya loyihasida “Ipak yo‘li” davlat muzeyi ekspozitsiyasining maqsadi, vazifalari, bo‘limlari hamda g‘oyaviy asoslari belgilandi. Ekspozitsiyada Buyuk ipak yo‘li tarixini o‘rganish borasida amalga oshirilgan arxeologik va ilmiy tadqiqotlar, Ipak yo‘lida joylashgan qadimiy shaharlar haqidagi ashyolar va ma’lumotlarni namoyish etish rejalashtirilmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz yaxlit ekspozitsiya majmuasini yaratishdan iborat bo‘lib, turli tipdagi ashyolarni yagona maqsadga birlashtiruvchi g‘oyaviy-tematik va badiiy-me’moriy yechimlar hosil qilishdan iborat. Ekspozitsiyada qisman tarixiy xronologik tartib, voqea va harakatlarning hujjat hamda dalillarga asoslab yoritib berish ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, ekspozitsiya 14 bo‘limdan iborat bo‘ladi va “Topilmalar zamini”dan boshlanib, “Zamonaviy ipak yo‘llari”gacha davom etadi. Bu bo‘limlarda yurtimiz hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida topilgan qadimiy ashyolar, nodir manbalar namoyish etiladi. Yo‘llarning paydo bo‘lishiga oid ma’lumotlar, Buyuk ipak yo‘lining insoniyat hayotidagi ahamiyati, turli davlatlar, saltanatlarning yuzaga kelishi va ularning taqdiri, hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati, Samarqandning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni yoritiladi. Bunda zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi, animatsion va ilmiy hujjatli filmlar yaratiladi.
Muzey fondini shakllantirish maqsadida “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi fondidagi hamda respublikamizning boshqa muzeylaridagi noyob, eng sara muzey ashyolari o‘rganilib, yangi muzey ekspozitsiyasi uchun saralanmoqda. Dastlabki rejalarga ko‘ra, yangi muzey ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy san’at, amaliy san’at materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlarni birlashtiradi. Ilmiy konsepsiya loyihasi tasdiqlanganidan so‘ng bu boradagi ishlar aniq reja asosida amalga oshiriladi va eksponatlar soni yana ham oshishi mumkin.
Aytish mumkinki, Samarqandda “Ipak yo‘li” muzeyining tashkil etilishi, bu qadimiy kentning jahon sivilizatsiyasi va Ipak yo‘li tarixidagi beqiyos o‘rnini e’tirof etgan holda uning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va dunyoga targ‘ib etishga, shuningdek, shaharning sayyohlik jozibadorligini oshirish va turistik salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri