Sizga ehtirom, aziz ustozlar!
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Sizga ehtirom, aziz ustoz!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Akademiya rektori Muzaffar Kamilov ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlab, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Tadbirda ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishi aytildi.
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan davrda diniy-ma’rifiy sohada yuzaga kelayotgan jarayonlar, turli g‘oyaviy xurujlarning yoshlar ongiga ta’siri O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda ta’lim sifatini muntazam monitoring qilish va tahlil etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, HEMIS platformasi orqali talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari har bir semestr yakunida tahlil qilib borilmoqda. Akademiya bo‘yicha o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 2023-2024 o‘quv yilida 75,9 ball, 2024-2025 o‘quv yilida 77,4 ball, 2025-2026 o‘quv yilida esa 82,3 ballni tashkil etdi. Natijada so‘nggi uch yilda talabalarning o‘zlashtirish darajasi 10,8 foizga oshdi.
Shuningdek, talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnomalar orqali dars jarayonlari va o‘qituvchilar faoliyati ham baholanmoqda. O‘qituvchilarning o‘rtacha bahosi 2023-2024 o‘quv yilida 4,7 ball, 2024-2025 o‘quv yilida 4,8 ball, 2025-2026 o‘quv yilida 4,7 ballni tashkil etib, 94 foizlik samaradorlik ko‘rsatkichi qayd etildi.
O‘qituvchilarning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy faoliyati samaradorligi www.my.iiau.uz platformasi orqali raqamli monitoring qilib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, o‘qituvchilar faoliyati samaradorligi 2023-2024-o‘quv yilida 71 foiz (78,1 ball), 2024-2025-o‘quv yilida 73,6 foiz (81 ball), 2025-2026-o‘quv yilida esa 83,5 foiz (91 ball)ni tashkil etdi. Bu esa so‘nggi uch yilda o‘qituvchilar faoliyati samaradorligi 12,5 foizga oshganini ko‘rsatadi.
[photobank-31707]
Erishilgan natijalar ta’lim sifatini oshirish, raqamli monitoring tizimlarini kengaytirish va o‘qituvchilar faoliyatini muntazam baholab borish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samaradorligini ko‘rsatmoqda.
O‘tgan 2025-2026-o‘quv yilida Akademiya professor-o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 64 nafar professor-o‘qituvchi Turkiya, Qozog‘iston, Ruminiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Misr va Janubiy Koreya kabi davlatlarda malaka oshirish va stajirovka dasturlarida ishtirok etib, boy tajriba orttirib qaytdi.
Yangi o‘quv yilini Akademiya jamoasi ajoyib xushxabar bilan boshladi. Istiqlol bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni asosida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi” professori, ustoz Zohidjon Islomov “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori, taniqli publitsist Abdulhamid Muxtorov “Shuhrat” medaliga loyiq ko‘rildi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan vatandoshlarimiz qatorida Akademiyaning jonkuyar professor-o‘qituvchilari va xodimlarining 20 nafarga yaqini “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
N.Usmonova,
A.Alijonov (surat),
O‘zA