Aholi daromadi oshsa, oila farovonligi yuksaladi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va xonadonlarning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Bu borada aholi tomorqalarini daromad manbaiga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xayrli mahallasida istiqomat qiluvchi Farhod Mirzaahmedovning tajribasi bunga misol.
[gallery-31714]
U o‘tgan yili xonadon tomorqasida 1 sotixlik issiqxona tashkil etib, gidroponika usulida qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada bir yilda 40 million so‘m daromad oldi.
Bu yil tashabbusini kengaytirib, issiqxona maydonini 4,5 sotixga yetkazdi. Ayni paytda iyun oyida ekilgan serhosil qulupnay ko‘chatlari hosilga kirib, har kuni o‘rtacha 8–9 kilogrammdan mahsulot terib olinmoqda. Qulupnayning bir kilosi 100 ming so‘mdan sotilayotgani xonadon uchun qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirmoqda.
E’tiborlisi, tadbirkorlik faoliyati orqali F. Mirzaahmedov uch nafar mavsumiy ishchini ham daromadli mehnatga jalb etgan. Shuningdek, u qo‘shnilariga gidroponika usulida mahsulot yetishtirish tajribasini o‘rgatib, tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak bermoqda.
Bunday tashabbuslar aholi daromadini oshirish va oila farovonligini ta’minlashda xonadonlarning ichki imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhim ekanini ko‘rsatmoqda. Tomorqadan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va daromadli yo‘nalishlarni kengaytirish orqali oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada mustahkamlash mumkin.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA