Zamonaviy texnika va tejamkorlik — yuqori hosil garovi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Paxtakor tumanida paxta yig‘im-terimi qizg‘in davom etmoqda. Fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda, sifatli va nobudgarchiliksiz yig‘ib olishda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanilmoqda.
[gallery-31690]
Jumladan, “Navbahor” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi hududidagi “Solinlik Murodboy yeri” fermer xo‘jaligida 103 gektar umumiy yer maydonining 33 gektariga paxta ekilgan. Maydonlarda Xitoyning hosildor “73” navidan foydalanilib, g‘o‘za qo‘sh qator usulida parvarishlangan. Ayni paytda hosil 2 ta zamonaviy “Bashiran” paxta terish kombayni yordamida yig‘ib olinmoqda.
“Paxtakor” FXHU hududidagi “Ravot” fermer xo‘jaligida ham terim sur’ati yuqori. Xo‘jalikda 36 gektar maydonda paxta yetishtirilgan bo‘lib, hosilni yog‘in-sochinga qoldirmasdan qisqa muddatda yig‘ib olish choralari ko‘rilgan.
— Bu yilgi mavsumda terimni kombaynlar yordamida boshladik. 36 gektar maydonda paxta parvarishlangan bo‘lib, hozir 10 gektar maydondan gektariga 60 sentnerdan ortiq hosil olyapmiz. Bunday natijaga so‘nggi ikki yilda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, Xitoy paxta navini ekish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish orqali erishdik, - deydi xo‘jalik raisi Husan Odilov.
Shu hududdagi “No‘’mon ota” fermer xo‘jaligida ham 118 gektar umumiy yer maydonining 85 gektariga paxta ekilgan. Hozirda hosil zamonaviy texnikalar yordamida yig‘ib olinmoqda.
Ta’kidlash joiz, zamonaviy agrotexnologiyalar va xorijiy urug‘chilik tajribasining joriy etilishi natijasida ilgari gektaridan 25–30 sentner hosil olingan maydonlarda bugungi kunda 80–100 sentnergacha hosil yetishtirilmoqda.
Joriy yilda Jizzax viloyatida 73 ming gektardan ortiq maydonda g‘o‘za parvarishlanib, 400 ming tonna paxta hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Hosilni 30 kun ichida yig‘ib-terib olish uchun 350 tadan ortiq paxta terish mashinalari va zamonaviy kombaynlar dalaga jalb etilgan. Bu esa qo‘l mehnatiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirib, mavsumni qisqa muddatda yakunlash imkonini bermoqda.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA