Aziz Norqulovning “Jar yoqasidagi masxaraboz” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamkorligida taniqli publitsist va adib Aziz Norqulovning “Jar yoqasidagi masxaraboz” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Oltin meros press” nashriyotida chop etilgan to‘plamdan muallifning yuzga yaqin hikoya, hajviya, maqola, falsafiy fikrlari o‘rin olgan. Ularning aksariyati turli yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Vatanparvar”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Yangi O‘zbekiston”, “Oila va jamiyat”, “Ma’rifat”, “Jamiyat”, “Sog‘lom avlod”, “Hurriyat”, “Milliy tiklanish” gazetalari, shuningdek, “Guliston”, “Ma’naviy hayot”, “Tafakkur”, “Huquq va burch” jurnallarida chop etilgan.
Muallif har bir hikoyasida so‘zning salmog‘i va zalvorini chuqur his qilib yozadi, tuyg‘uning samimiyligi, ifodaning go‘zalligi, o‘quvchi shuuri va qalbiga kuchli ta’sir etadi. Odatiy qoliplardan yiroqlik, an’anaviy mavzularga yangicha nazar va o‘ziga xos uslub bilan yondasha olish uning katta yutug‘idir.
[gallery-23599]
Adabiyotshunos olimlarning fikricha, Aziz Norqulovning hikoya va badialari, hajviya va badiiy-publitsistik maqolalari samimiyat izhori, dil harorati bilan yo‘g‘rilgani bois o‘quvchilarga tobora ko‘proq manzur bo‘lib bormoqda. Jurnalistik faoliyati samarasi bo‘lgan maqolalar va suhbatlaridan tarkib topgan “Jar yoqasidagi masxaraboz” kitobi fikrning tiniqligi, uslubning ravonligi va izhorning tabiiy o‘zani bilan alohida ajralib turadi.
– Aziz Norqulov o‘n yil davomida (2014-2024 yillar) “Vatanparvar” gazetasida mehnat qilib, harbiy sifatida butun yurti kezib yozgan 30 ga yaqin e’tiborli maqolalari ushbu to‘plamdan joy olgan, – deydi Mudofaa vazirining Vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon O‘sarov. – Ajdodlarimizdan omonat bu ulug‘ Vatanni asrash, uning ravnaqiga xizmat qilish, mamlakatning keng sarhadlari va betakror tabiati bilan sevish, mardlik, jasorat va bag‘rikenglik tarannumi, azaldan meros bo‘lib kelayotgan ulug‘ qadriyatlarni avlodlarga bezavol yetkazish muallifning mazkur kitobidan o‘rin olgan eng asosiy tushunchalardir.
Darhaqiqat, ijodkorlarning e’tirof etishlaricha, Aziz Norqulov ijodida publitsistik pafos va ijodiy tafakkur uyg‘unlashib ketgan. Tabiatning go‘zal tasvirlari, tug‘ilgan yurtiga adoqsiz sog‘inch, ruhiyatdagi doimiy evrilishlarning muvozanati, atrofdagi jarayonlarga bolalarcha beg‘ubor nazari o‘quvchi qalbini beixtiyor maftun etadi.
Ushbu kitob zamondoshlarimizni olamda kechayotgan voqea-hodisalarga, jamiyatdagi chuqur o‘zgarishlarga teran qalb ko‘zi bilan qarashga undaydi. Iste’dodli jurnalist va mahoratli qalamkashning yozganlari muttasil ravishda fikrlayotgan, faqat o‘zini o‘ylamay, jamiyat hayoti uchun kuyinayotgan, jonajon ona xalqining ertangi kuni uchun chin dildan qayg‘urayotgan millat ziyolisining fikrlarini ifodalagani bilan ham g‘oyat qimmatlidir.
Aziz Norqulov 1984 yil 3 iyulda Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. 2006 yilda O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini, 2008 yilda Malayziyaning Viktoriya xalqaro kollejini tamomlagan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistri. Turli yillarda “Ma’rifat”, “Vatanparvar”, “Xalq so‘zi” gazetalari, “Huquq va burch”, “Advokati” jurnallarida faoliyat yuritgan. Ayni paytda “Ma’naviy hayot” jurnali muharriri.
Muallif O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Xalq ta’limi a’lochisi, Mudofaa vazirligining ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2022 yil “Eng ulug‘, eng aziz”, “Posboniman muqaddas yurtning” respublika ko‘rik tanlovlari g‘olibi. Hikoyalari “Oltin ko‘prik”, “Yosh yuraklar sadosi” to‘plamlarida chop etilgan. Muqaddam “Posangi” hikoyalar to‘plami chop etilgan.
N.Usmonova,
Oybek Pardayev (suratlar),
O‘zA