Sirojiddin Rauf: “Zar ham o‘zing, zargar ham o‘zing”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli shoir, tarjimon va publitsist Sirojiddin Raufning “Zar ham o‘zing, zargar ham o‘zing” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan adibning dolzarb mavzularda bitgan maqolalari, esse, suhbat, taqriz va qaydlari joy olgan.
Kitob bilan tanisha boshlar ekansiz, ko‘z o‘ngingizda nafaqat siz she’rlari orqali tanish bo‘lgan ko‘ngil tilmochi – shoir Sirojiddin Rauf, balki siyosiy, ma’naviy-ijtimoiy mavzularni chuqur tahlil qila oladigan mushohada doirasi keng jurnalist, publitsist Sirojiddin Rauf ham gavdalanadi.
Sirojiddin Rauf ushbu kitobga kirgan bitiklarida o‘z qarashlari, fikr-mulohazalarini aniq dalillar vositasida badiiy jilo bergan holda bayon etadiki, undagi “sehr” beixtiyor sizning ham tasavvuringizni o‘zgartirib yuboradi. Muallifga xos bu xususiyat soha mutaxassislari, qolaversa, o‘quvchilar tomonidan e’tirof etib kelinadi.
Yana bir o‘ziga xos jihati, ushbu kitobga kiritilgan maqola, esse, suhbat, taqriz va qaydlar turli yillarda yozilgan. Ammo, undagi masalalar, fikr-mulohazalar eskirmagan – toza, ular o‘quvchiga xuddi bugun yozilgan asarlardek taassurot qoldiradi. Bu ijodkor uchun juda muhim fazilat.
Kitobga ustoz jurnalist, adib, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev “ Ijodkorning tafakkur bulog‘i” nomli kirish so‘zi – so‘zboshi yozgan. – Talaba, boshlovchi jurnalistning istibdod davrida ham qo‘rqmay, tarixiy moddiy va ma’naviy boyliklarimiz namunalarini sobiq ittifoq markaziy shaharlarida joylashgan Ermitaj kabi katta muzeylardan asl vataniga qaytarib olib kelish lozimligi haqidagi maqolalarini o‘sha vaqtdagi oshkoralik ruhi imkoniyatlaridan foydalanib, gazetada chop etilishiga hissa qo‘shganimni esladim. Ammo bugungi Sirojiddin o‘sha kezlari katta publitsistlar safiga iymanibroq kirgan, ko‘proq tinglagan, so‘z aytish odobiga rioya qilgan Sirojiddindan keskin farq qiladi. O‘zbekistonda kechgan, kechayotgan ko‘p bosqichli ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlar, ularning turfa darajadagi samaralari Sirojiddinning dunyoqarashi, ong-tafakkuri, ijodkorlik idroki ufqini yanada kengaytiribdi, fikrlash tarzi, bahs-munozara yuritish mahorati jamiyatning kuyunchak bir a’zosi sifatidagi maqomini oshiribdi.
Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan maqom emas, izlanish, kuzatish, yurt kezish, qiyoslash, kuyunish natijasi, deb e’tirof etadi Ahmadjon Meliboyev.
Sirojiddin Raufning “Zar ham o‘zing, zargar ham o‘zing” nomli kitobini o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA