Nurboy Jabborovning Navoiy ijodiga bag‘ishlangan monografiyasi ozarbayjon tilida nashr etildi
Buyuk shoir va mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyning adabiy merosi hikmatlarga boyligi, insonparvarligi, hayotning barcha jabhalarini o‘zida qamrab olgani bilan qadrli. Shu sababli daho ajdodimizning asarlari dunyo olimlari tomonidan katta e’tibor bilan o‘rganilmoqda.
Taniqli adabiyotshunos olim, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hayoti hamda ijodiy merosiga bag‘ishlangan «Maoniy ahlining sohibqironi» monografiyasi ozarbayjon tilida chop etildi.

Kitob Boku shahridagi «Ilm va tahsil» nashriyotida «Amir Alisher Navoiyning irfoniy dunyosi» nomi bilan nashrdan chiqdi. Asarni Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon–O‘zbekiston–Turkmaniston adabiy aloqalari bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, «Do‘stlik» ordeni sohibi Almaz Ulviy Binnatova hamda Eronning Tabriz universiteti professori, filologiya fanlari doktori Husayn Xushbotin ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Tarjimonlar kitobga so‘zboshi ham yozib, uni ozarbayjon kitobxonlariga taqdim etgan.

Asarda Alisher Navoiyning nafaqat buyuk shoir va mutafakkir, balki davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, yuksak insoniy fazilatlari hamda bunyodkorlik ishlari yangi ilmiy talqinlar asosida yoritilgan. Shuningdek, muallif Navoiyning boy irfoniy merosi, adabiy-estetik qarashlari va badiiy tafakkuriga oid muhim ilmiy xulosalarni ilgari suradi.
Monografiyada buyuk beshlik — «Xamsa» dostonlaridagi badiiy konsepsiya, ona obrazining poetik talqini kabi masalalar ham atroflicha tahlil qilingan. Alisher Navoiy ijodining milliy adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siriga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, buyuk shoirning ijodiy an’analari keyingi avlod o‘zbek shoirlari, jumladan, Zokirjon Furqat, Abdulla Oripov va Sirojiddin Sayyid she’riyatida munosib davom ettirilgani qiyosiy-tahliliy yondashuv asosida ochib berilgan.
Mazkur monografiyaning ozarbayjon tilida nashr etilishi o‘zbek adabiyotining boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, Alisher Navoiy ijodini dunyo miqyosida kengroq tanitish, ikki qardosh yurt o‘rtasidagi adabiy-ilmiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam.
N.Usmonova,
O‘zA