Samarqand shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi boshlandi.
Olimpiadaning viloyat bosqichida akademik litseylar, Prezident maktabi hamda olimpiadaning tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 2261 nafar 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etmoqda. Shu jumladan, o‘tgan o‘quv yilida olimpiadaning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan 28 nafar o‘quvchi viloyat bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashmoqda.

– Dastlab, 30 noyabrgacha birinchi guruh fanlari (matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika)dan olimpiada bo‘lib o‘tadi, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shahzod Eshonqulov. – Ikkinchi guruh fanlari (ona tili, rus, tojik, ingliz, nemis, fransuz tillari, tarix, davlat va huquq asoslari, geografiya) bo‘yicha esa 2-4 dekabr kunlari o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, 30 noyabr va 1 dekabr kunlari xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni birinchi saralash bosqichi rejalashtirilgan. Olimpiada adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida sinovlar o‘tkazilayotgan auditoriyalar, sport zali va hakamlar uchun ajratilgan xonada videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Olimpiada jarayonini ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish uchun 2 ta elektron doska o‘rnatilgan. Shuningdek, jarayonni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatish uchun ham imkoniyat yaratilgan.

Nizomga ko‘ra, asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichda birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilarga 2 million 250 ming so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 1 million 500 ming so‘m, uchinchi o‘rin uchun 1 million 125 ming so‘mdan mukofot puli beriladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri