Anvar Anvarov — Osiyo chempioni!
Xitoyning Chunsin shahrida yengil atletikaning sakrash turlari bo‘yicha ilk Osiyo chempionati doirasida erkaklar o‘rtasidagi uzunlikka sakrash bahslari yakunlandi.
Quvonarlisi, ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi vakili Anvar Anvarov yuksak natija qayd etib, qit’a chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Hamyurtimiz final bahslarida 8.06 metr natija ko‘rsatib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
E’tiborli jihati, sportchimiz so‘nggi uch kun ichida ketma-ket ikki yirik xalqaro musobaqada ishtirok etib, har ikkisida ham sovrindorlar safidan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Shanxay shahrida yengil atletika bo‘yicha “Brilliant Liga” musobaqasining ilk bosqichida Anvar Anvarov erkaklar o‘rtasidagi uzunlikka sakrashda 8.01 metr natija qayd etib, bronza medal bilan taqdirlangan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA