Shveysariyaning Lozanna shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tgan “Brilliant liga” musobaqasining navbatdagi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Anvarov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, jahon yengil atletikasining eng nomdor sportchilari ishtirok etgan mazkur nufuzli musobaqada hamyurtimiz uzunlikka sakrash dasturida 7.84 metr bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.

Ikkinchi o‘rinni shveysariyalik Simon Exammer (7.72 metr) egallagan bo‘lsa, yamaykalik 2019 yilgi jahon chempioni Tejey Geyl (7.71) bronza medali sohibi bo‘ldi.
“Brilliant liga” musobaqasining mazkur 13-bosqich bahslari yomg‘irli holatda murakkab vaziyatda kechdiki, Anvar Anvarov deyarli ko‘lmak yo‘lakda belgilangan marrani mahorat bilan bosib o‘tib, oltin medalga ega chiqqani o‘ziga xos qahramonlik sifatida qayd etildi.
Ushbu musobaqaning O‘zbekiston yengil atletikasi uchun yana bir ahamiyatli jihati, Anvar Anvarov Safina Sa’dullayevadan keyin “Brilliant liga” turnirlarida g‘alaba qozongan o‘zbekistonlik ikkinchi sportchi nomiga musharraf bo‘ldi.
“Brilliant liga” musobaqalarining keyingi 14-bosqich musobaqalari 22 avgust kuni Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA