Surxondaryo viloyati Angor tumani markazida yashaydigan bir guruh faol xotin-qizlar “Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” shiori ostida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi tashkil etdi.
Subhidamning toza, yengil havosida besh ming qadamni bosib o‘tgan tadbir ishtirokchilari tuman markaziy o‘yingohida badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullandi. Shaxmat-shashka va boshqa sport musobaqalari uyushtirib, o‘zaro bellashdi. Tuman xotin-qizlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilib, ularni sportga keng jalb etish maqsadida o‘tkazilgan tadbir qatnashchilarga quvnoq va xush kayfiyat ulashdi.


– Sport xotin-qizlarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy salomatligini ham mustahkamlaydi, – deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Gavhar Jumayeva. – Oilalar sog‘lomligini ta’minlab, jamiyatda o‘zaro do‘stona muhit yaratishda muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan ham faol xotin-qizlarimizning bu tashabbusi e’tiborga sazovor bo‘ldi. Endilikda bu xayrli aksiya davom ettirilib, tadbir ishtirokchilari safi kengayib boradi. Zero, kelajak avlodga kuchli ta’sir etuvchi chinakam tarbiya maskani ¬ oila sog‘lom bo‘lsa, jamiyat mustahkam, yurt osoyishta va obod bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tumandagi 36 ta mahallada mavjud 34 ming 712 oilada 70 mingdan ortiq xotin-qiz yashaydi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri