“Sog‘lom oila uchun birlashaylik!”
Bobur shahrida xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni ommaviy sportga keng jalb etish maqsadida Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar hamda sport boshqarmalari hamkorligida “Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” shiori ostida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat fuqarolik xizmati tashkilotlarida, huquqni muhofaza qilish organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar, oliy ta’lim muassasalarining talaba qizlari, uy bekalari hamda uyushmagan xotin-qizlar ishtirok etdi.


Marafonning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova so‘z olib, yurtimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, farzand tarbiyasi, umuman, jamiyatimiz rivojida opa-singillarimizning ham jismonan, ham ruhan salomatligi muhim ahamiyat kasb etishi, o‘tkazilayotgan marafon esa ularning salomatligini mustahkamlashga, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarining keng joriy etishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Marafonda bir guruh talaba qizlarimiz ishtirok etdi. Ular jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish bilan birga, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini targ‘ib etishga ham munosib hissa qo‘shdi, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gulandon G‘aniyeva.



G‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.