Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda. Turistik maskanlarni obodonlashtirish hamda yangi yo‘nalishlarni tashkil etish, hududga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirishda muhim vazifalar belgilab olingan.
– Bugungi kunda viloyatda 167 ta turistik tashkilot faoliyat yuritmoqda, – deydi Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Davronbek Sattorov. – Tanlab olingan ob’ektlar bo‘yicha turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilgan. Sayyohlarga 45 ta tur paketlar taklif etilmoqda. Shuningdek, viloyatda bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega 22 ta mehmonxona, 105 ta oilaviy mehmon uy va 27 ta xostel faoliyat ko‘rsatmoqda.

Turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar samarasi o‘laroq, 2024 yil davomida viloyatga 499 ming nafar xorijiy, 1 million 650 ming nafardan ziyod mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi.
Turizm ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirish, turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida viloyatdagi eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan tarixiy va diqqatga sazovor maskanlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 79 ta ob’ekt ajratib olindi. Ularning aksariyatida, xususan, Jalaquduq tumanidagi “Qutayba ibn Muslim”, Izboskan tumanidagi “Yakkatut azizlari” ziyoratgohi va Andijon tumanidagi “Solih hoji” masjidi, Asaka tumanidagi “Muhammad Siddiq eshon”, Andijon shahridagi “Yunus hoji” masjidi, “Ark ichi” yodgorlik majmuasida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Turizmni rivojlantirish, mazkur sohasidagi imkoniyatlarni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Germaniyaning Berlin shahrida o‘tkazilgan ITB-Berlin, Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Tokio expo Japan 2024” xalqaro turizm yarmarkalarida, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Salom O‘sh 2024” xalqaro turizm yarmarkasida Andijon viloyatining turizm salohiyati keng targ‘ib etildi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi” doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha turli turistik kompaniyalar bilan 70 dan ortiq shartnomalar imzolandi.

Sayyohlar sonini, ularning viloyatda qolish vaqtlarini oshirish va ob’ektlarni to‘liq ishlatish maqsadida “Andijon viloyatining turizm halqasi” va “Andijon viloyatining turizm magistrali” deb nomlanuvchi turizm marshrutlari ishlab chiqildi. Bu sayyohlarga o‘zlarining vaqti va qiziqishiga ko‘ra, turistik marshrut yo‘nalishini tanlash imkonini berdi. Qolaversa, ushbu amaliyot joriy etilishi bilan viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi qariyb 35 foizga oshdi, ularning viloyatda qolish muddati esa 1,5 kundan 3 kungacha uzaydi.

Ayniqsa, Xonobod shahrida 2024 yilning 29-31 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali, oktyabr oyida Andijon shahrida futzal bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichi o‘yinlari o‘tkazilganligi xorijiy sayyohlar tashrifini keskin oshirdi. Xonobodda mahalliy va xorijiy sayyohlar soni 2 million nafarga yetdi. Futzal bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichi hamda 1/8 final o‘yinlarini ko‘rish uchun Ispaniya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Liviya, Ukraina, Afg‘oniston va boshqa qator davlatlardan 16 ming nafardan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi.

Xo‘jaobod tumani Toshota mahallasidagi “Imom ota” ziyoratgohi landshaft dizayni asosida tartibga keltirilib, tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, mazkur hudud turizm qishlog‘iga aylantirildi. Ayniqsa, hududdagi ikki tog‘ qoyasi o‘rtasiga qurilgan osma sim yo‘li sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bundan tashqari, Xitoy tajribasi asosida Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq mahallasini “Turizm mahallasi”ga aylantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra mazkur mahallada 20 ta kapsula, 20 ta oilaviy mehmon uyi, 5 ta yirik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, zamonaviy osma sim yo‘li va “zipline” xizmat turlarini tashkil etish rejalashtirildi.

Shuningdek, viloyatda gastronomik, tibbiyot, ta’lim turizmi ham tobora rivojlanib bormoqda. Jumladan, gastronomik turizm yo‘nalishida o‘tgan yili viloyat markazida Xitoy restorani ochildi, dengiz mahsulotlari bozori tashkil etildi. Bundan tashqari, Andijon shahrida turk, rus, koreys, uyg‘ur taomlari restoranlari ishlab turibdi.

Ta’lim turizmi yo‘nalishida esa hozirda Andijondagi oliy o‘quv yurtlarida 800 nafardan ziyod xorijlik, asosan, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Rossiya va qirg‘izistonlik talabalar tahsil olmoqda.
Joriy yilda xorijlik talabalar sonini 2 ming nafarga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, Andijon va Hindistondagi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik, ta’lim turizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandumlar imzolagan. Ana shu hamkorlik doirasida Dehli shahrida Andijon davlat tibbiyot institutining 2 ta vakolatxonasi ochilgan. Ushbu vakolatxonalar tomonidan hindistonlik yoshlarni Andijonda o‘qishga jalb etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Tibbiyot turizmi yo‘nalishida o‘tgan yili viloyatga 30 ming nafarga yaqin chet el fuqarosi asosan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari davolanish uchun tashrif buyurdi. Viloyatda tibbiyot xizmatlarining narxlari qo‘shni davlatlarga nisbatan arzonligi, xizmat sifati yuqoriligi hamda ayrim tibbiyot xizmatlari bo‘yicha yetakchiligi tufayli tibbiyot turizmining ulushi yildan-yilga ortib bormoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda Xonobod shahrini Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan, “O‘zbekiston Shveysariyasi” deb nom olgan Xonobod shahri musaffo havosi, go‘zal va xushmanzara tabiati bilan ajralib turadi.
Xonobodda keyingi yillarda “Xonobod” sihatgohi qurilib, foydalanishga topshirildi, ko‘plab mehmon-uylar barpo etildi. “Xontog‘” dam olish maskani, “Fozilmon ota” ziyoratgohida sayyoh va ziyoratchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Bugungi kunda Andijon suv omboriga tutash Kampirovot mahallasida “Sun’iy ko‘l”, dam olish va ko‘ngilochar, ekoturistik maskanlar, shuningdek, oilaviy mehmon uylari barpo etilmoqda.
2025 yil davomida turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi 20 ta istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda 3 ta mehmonxona, 9 ta oilaviy mehmon uyi, 4 ta xostel va 4 ta yirik xizmat ko‘rsatish loyihalari tashkil etiladi. Jumladan, ayni paytda Andijon shahrida 450 o‘rinli 3 ta mehmonxona barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari