Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida joriy yilning birinchi yarim yilligida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusi vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 37 ming 548 taga, qamrov ko‘rsatkichi 74,6 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov tizimi qamrovi 93 foizga yetkazilgan. 500 ta maktabda joriy etilgan yangi baholash tizimi natijasida mazkur maktablardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 6 foizga oshgan.
Tizimdagi 210 ming 444 nafar rahbar va pedagog kadrlar malakasi oshirilgan. 190 ming nafar o‘qituvchi yangi tartib asosida malaka toifalarini berish sinovlariga jalb etilgan. “Menejerlik o‘quv kursi”da 1 ming 319 nafar direktorlikka nomzod o‘qitilib, ularning 834 nafariga sertifikat berilgan.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda tizimdagi mavjud kamchiliklar va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, respublikadagi ayrim hududlarda, jumladan, Andijon, Jizzax, Samarqand viloyatlarida bolalarni maktabgacha ta’limga qamrov ko‘rsatkichlari yil boshiga nisbatan sezilarli darjada tushgani tanqid qilindi.
Shu sababli yil yakuniga qadar maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 76 foizga yetkazish, yangi o‘quv yilidan boshlab 1 ming 300 ta tayanch maktab faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari hamda mentor-o‘qituvchilarni o‘qitish ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha mas’ullar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi. Yig‘ilish davomida har bir rahbar oldiga tegishli yo‘nalishlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Tadbir so‘ngida vazirlik mas’ullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA