Ko‘chatchilikni rivojlantirish bo‘yicha Serbiya bilan hamkorlik qilinadi
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, yuqori sifatli ko‘chatlar yetishtirish hamda sohada innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish orqali ko‘chatchilik tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Serbiya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot vaziri Adriyana Mesarovich boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “EvroKalem Trade Ltd” kompaniyasi o‘rtasida ko‘chatchilikni rivojlantirish yuzasidan hamkorlik bitimi imzolangan edi.
Mazkur kelishuv ijrosini ta’minlash hamda hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari va Serbiya O‘simliklar karantini departamenti mutasaddilari o‘rtasida muloqot tashkil etildi.
Unda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar muhokama qilinib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muzokaralar davomida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirish, jumladan, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, seleksiya va ko‘chat yetishtirish sohasida tajriba almashish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, “EvroKalem Trade Ltd” kompaniyasi tomonidan taqdim etiladigan istiqbolli biznes takliflarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda investitsion hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA