“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali - innovatsion g‘oyalar maydoni
Mamlakatimizda muhandislik sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda.
2025-yildan boshlab aprel oyi “Muhandislik oyligi” sifatida e’lon qilinib, butun respublika bo‘ylab minglab iqtidorli yoshlarni qamrab oladigan tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilda ham ushbu oylik doirasida 26 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt, robototexnika, dronlar, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda “Oliygoh kubogi” tanlovlari o‘tkazilib, 10 mingdan ortiq yosh muhandislar ishtirok etdi.

Ushbu tadbirlarning eng muhim va nufuzlisi sifatida 28–30-aprel kunlari Toshkent shahrida “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali bo‘lib o‘tmoqda. Festival yosh, tashabbuskor va ijodkor muhandislarni bir maydonga jamlab, ularning innovatsion g‘oyalarini keng jamoatchilikka taqdim etish uchun ulkan imkoniyat yaratadi.
Festival muhandislikning 9 ta dolzarb yo‘nalishini qamrab olgan bo‘lib, aviatsiya, agrotexnologiyalar, mashinasozlik, robototexnika, chip dizayn, yashil energetika, arxitektura va tibbiyot muhandisligi sohalarida 30 dan ortiq musobaqa va amaliy sinovlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, aviatsiya yo‘nalishida FPV dronlar poygasi, dron futboli, yong‘in o‘chirishga mo‘ljallangan dronlar tanlovi va aviamodellar janglari o‘tkazilmoqda. Agrotexnologiyalarda esa qishloq xo‘jaligi uchun innovatsion qurilmalar, raqamli monitoring va avtonom boshqaruv yechimlari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Mashinasozlik yo‘nalishida energiya samaradorligiga e’tibor qaratilib, eng kam energiya sarfi bilan maksimal masofani bosib o‘tadigan avtomobillar yaratish bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilgan. Chip dizayn yo‘nalishida esa FPGA va SoC texnologiyalari asosida zamonaviy mikrosxemalar yaratish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Yashil energetika yo‘nalishida qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh panellari va shamol generatorlari asosida innovatsion qurilmalar namoyish etilmoqda. Robototexnika yo‘nalishi esa eng qiziqarli musobaqalardan biri bo‘lib, robotlar jangi, robot futboli, gumanoid robotlar bellashuvi va suv osti robotlari tanlovlarini o‘z ichiga oladi.

Arxitektura sohasida ishtirokchilar zilzilabardosh konstruksiyalar, 3D modellashtirish va zamonaviy shaharsozlik yechimlari bo‘yicha o‘z g‘oyalarini ilgari surmoqda. Tibbiyot muhandisligida “AI Health Hackathon” orqali sun’iy intellekt asosida sog‘liqni saqlash tizimi uchun yangi yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Festival 6 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha ishtirokchilarni qamrab olgan bo‘lib, joriy yilda 14 mingga yaqin ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgani uning ko‘lami va ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.

Shuningdek, tadbir doirasida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan olimpiadalar turli davlat yoshlarini birlashtirib, bilim va tajriba almashish uchun muhim platforma yaratmoqda.
Festival doirasida xalqaro ko‘rgazma ham tashkil etilgan bo‘lib, unda 100 dan ortiq mahalliy va o‘nlab xorijiy innovatsion ishlanmalar namoyish etilmoqda. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy forumlar va seminarlar o‘tkazilmoqda.
“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali — bu innovatsion g‘oyalar amaliyotga tatbiq etiladigan, yoshlar o‘z salohiyatini namoyon etadigan va kelajak texnologiyalari yaratiladigan muhim maydon.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA