Bugungi kunda Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

Amir Temur taxtga o‘tirgach, Chig‘atoy ulusining barcha yerlariga o‘zini voris deb bildi va saltanat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, g‘arbda O‘rta yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.U avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini ta’minlash yo‘lida qo‘shinning qudratini oshirish kabilarga katta e’tibor berdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Amir Temur davlat, jamiyat hayotida bo‘lib o‘tadigan har bir muhim reja oldidan kengash o‘tkazar va bu kengashga nafaqat davlat arboblari, sarkardalar, temuriyzodalarni, balki sayyidlar, shayxlar, ilm-fan arboblarini ham taklif etgan va o‘zining har bir yurishi oldidan bunday kengashlarni o‘tkazib turishni odat tusiga kiritgan.
Amir Temurning obodonchilik ishlari to‘g‘risida taniqli sharqshunos olim, akademik V.V.Bartold: “Temur go‘yo Samarqanddan boshqa hamma yerda vayrongarchilik bilan shug‘ullangan, degan fikr mubolag‘ali. U Qobul vodiysi va Mug‘an cho‘li kabi Samarqanddan uzoq bo‘lgan joylarda ulkan sug‘orish ishlarini olib bordi”, degan tarixiy jihatdan g‘oyat qimmatli fikrni aytib o‘tgan.
Bu fikrga muqoyasa qilib, Ali Yazdiyning yozishmasini keltirish maqsadga muvofiqdir.
“Bir yil mobaynida, – deb yozadi O‘rta asr tarixchisi Ali Yazdiy, – Bag‘dod shahrini tiklash haqida buyruq berildi, toki shahar yana o‘z qiyofasini olsin, unda hunarmandchilik rivojlansin, tevarak-atrofida dehqonchilik o‘ssin, savdo-sotiq va madaniy hayot keng tarmoq yoysin, islom bilimi ilgarigiday yoyilsin. Bu vazifa amirzoda Ab-u Bakirga topshirildi”.
Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu ko‘hna dunyoda o‘tgan ko‘p jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, degan so‘zlari buning yorqin isbotidir.
Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham me’morlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat bo‘lgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari mamlakatda hashamdor imorat-u inshootlar bino qilganlar.
Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari, jumladan, Bag‘dod, Darband, Baylaqonni qayta tikladi. U Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bag‘dodda madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan bo‘lsada, lekin asosiy e’tiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, o‘g‘li Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi.
Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida bo‘lib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi. Bu yerda mashhur Oqsaroy qad ko‘tardi. Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar “Qubbat ul-ilm val-adab” unvoniga ega bo‘ldi.
Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi.
Hofizi Abro‘ning qayd etishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek, ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar o‘tkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshiy, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nu’monuddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va boshqalar xizmat qilardi.
Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va ma’naviyat ahliga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: “Agar Temur qayerda fan, madaniyat va san’at ahlini uchratsa, ularni o‘z homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom ko‘rsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan o‘z oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi”.
Amir Temur ilm-fan, ma’naviyat ahliga e’tibor, mehribonlik ko‘rsatib, ulardan jamiyat madaniy hayotida foydalanishga intilar ekan, tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyid-u shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rardi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib, izzat-u ikromini unga izhor qilardi”.
Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, me’morchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta e’tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi”.
Shu o‘rinda Sohibqiron Amir Temurning ilm-fan vakillariga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligini ko‘rsatib turuvchi yana bir parchani keltirmoqchimiz. Venger sayyohi G.Vamberi bu haqda shunday deydi: “Amir Temur faqat mahalliy mualliflarnigina rag‘batlantirmay, balki o‘z poytaxtiga chet el olimlari va shoirlarini ham jalb etdi hamda ularning hammasiga hotamtoylarcha mukofotlar hadya etar va o‘z shaxsiy e’tibori va homiyligi bilan ularni qo‘llab-quvvatlardi. Ana shu olimlarning ayrimlari Amir Temur saltanatida o‘z vatanidagidan ko‘proq ta’minlangan edi”.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Amir Temur yetuk sarkarda va markazlashgan davlat asoschisi bo‘lishi bilan bir qatorda bunyodkor islohotchi va ilm-fan vakillarining homiysi edi. Shuningdek, o‘zi ham fan arboblarining bahslarida ishtirokchi bo‘la olgan tafakkur egasidir.
Bahodir Sobirov,
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori.
O‘zA