Bitiruvchi sinflar o‘quvchilari uchun davlat imtihonlari boshlandi
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bitiruvchi sinflar o‘quvchilari davlat imtihonlarini topshirishmoqda.
Ushbu muhim sinov yoshlarning egallagan bilim va ko‘nikmalarini baholash, ularning kelgusi ta’lim bosqichlaridagi faoliyati uchun mustahkam zamin yaratadi.
Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi 10-sonli umumta’lim maktabida ham davlat imtihonlari yuqori darajada tashkil etilmoqda.
Imtihonlar boshlanishi avvalida o‘tkazilgan tadbirda so‘z olgan maktab direktori Xurshid Tolibov bitiruvchilarni davlat imtihonlari boshlangani bilan tabriklab, ularga sinovlarda faol ishtirok etish, bilimlarini to‘liq namoyon etish hamda imtihonlarni a’lo va yaxshi baholarga topshirishni tiladi.
Bugungi kunda mazkur ta’lim dargohida 1708 nafar o‘quvchiga 163 nafar o‘qituvchi saboq berib kelmoqda. Joriy o‘quv yilida 9-sinfni 149 nafar, 11-sinfni esa 143 nafar o‘quvchi tamomlamoqda.
– Ayni paytda 9-sinfni bitirayotgan o‘quvchilarimizning 32 nafari turli fanlardan 47 ta sertifikatni qo‘lga kiritishgan, – deydi maktab direktori Xurshid Tolibov. – 11-sinf o‘quvchilarimiz ham belgilangan tartibda turli fanlardan milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishgan. Jumladan, ularning 7 nafari hozirdanoq oliy ta’lim muassasasi talabasi degan nomga sazovor. Shuningdek, maktabimiz “Eng yaxshi maktab” ko‘rik- tanlovida viloyatda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Hozir bitiruvchilarimiz davlat imtihoni bo‘yicha berilgan topshiriqlarni o‘zlari egallagan bilim, ko‘nikma va malakalar asosida bajarishmoqda.
Ta’kidlash joizki, davlat imtihonlarini shaffof va adolatli o‘tkazish, o‘quvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ularning bilimlarini xolis baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA