O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi;
Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash tartibi;
Jamg‘arma mablag‘larining hisobi va hisobotini yuritish;
Fanlar akademiyasining boshqaruv apparati va Qoraqalpog‘iston bo‘limi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilab berilgan.
Ushbu Nizom ilmiy tadqiqotlarii qo‘llab-quvvatlash, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish, Jamg‘arma faoliyatini boshqarish, uning mablag‘larini taqsimlash, hisobi va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.
Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida ochilgan Fanlar akademiyasining byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvaragida jamlanadi hamda ushbu Nizomda belgilangan maqsadlar uchun sarflanadi.
O‘zA