Amerikaliklarning nikohi Registon maydonida qayd etildi
Samarqand shahridagi Registon maydonida AQSH fuqarolari Marshall Mayer i Ebru Jan nikohdan o‘tdi.
Turkiyada tug‘ilgan Ebru ilk uchrashuvga Marshalldan velosipedda kelishni so‘raydi va ular birgalikda uzoq sayr qilishadi. So‘ngra Ebru Brayton-Bich shahrida o‘zbek taomlari tayyorlanadigan “Nargis Café” restoranida o‘tirishni taklif qiladi. Marshall ham o‘zbek oshxonasi taomlarini sevib tanovvul qilishi sababli ular bu yerda maroqli hordiq chiqarib, o‘zlarining kelajagi haqida suhbatlashishadi.

Bu voqea ikki yil oldin 4 iyul kuni sodir bo‘lgandi va bu ularning hayotidagi unutilmas sana bo‘lib qoldi. Ikki yil davomida ular birgalikdagi hayoti uchun mustahkam zamin hozirladi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Hatto, Turkiyada zaytun bog‘i sotib olishdi va shu yilning sentyabr oyida o‘tkaziladigan nikoh to‘yida mehmonlarga ana shu bog‘ zaytunidan tayyorlangan mahsulotlarni sovg‘a qilish niyatida.
Marshall va Ebru ularning sevgi tarixi o‘zbek oshxonasidan boshlangani uchun nikoh marosimini qayerda o‘tkazishni uzoq o‘ylashmadi, Samarqand shahridagi Registonni tanlashdi va sevishganlar bundan juda xursand.
–Samarqand – abadiylik timsoli, bizning muhabbatimiz ham abadiy bo‘ladi, – deydi yangi oila egalari.
AQSH fuqarolarining nikohini Samarqand shahar nikoh uyi xodimlari qayd etdi.
G‘.Hasanov, O‘zA